TOShKENT, 8 mar — Sputnik. O‘zbekiston ertami-kechmi avtomobil sanoatidagi proteksion* choralardan voz kechadi, deb hisoblaydi mamlakat savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatda davlat rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi haqida fikr yuritar ekan, Shayxov xoh AQSh bo‘lsin, xoh mashhur soatlar chiqaruvchi Shveysariya va qishloq xo‘jaligi davlat proteksiyasi ostidagi Yevropa davlatlari bo‘lsin, dunyoning hech bir mamlakati hali proteksion choralardan yuz foiz voz kechmaganligini bildirdi.
"Tabiiyki, hammasi (proteksion choralar — tah.) oqilona va samarali bo‘lishi darkor. Bu muhim ahamiyatga ega. Strategiyada barcha narsa oqilona va maqsadli tarzda asoslab berilgan. Shuning uchun proteksionizm unsurlari saqlanib qoladi. Tabiiyki, bu nafaqat ichki bozor, balki tashqi omillarga ham bog‘liq. Chunki dunyo o‘zgarmoqda, Yevropa va Osiyoning aksariyat mamlakatlarida jiddiy inqirozga duch kelgan avtomobil bozorlarida ham vaziyat o‘zgarmoqda. Shunday ekan, proteksion choralar bu iqtisodiyotni boshqarish va albatta, biznesni rivojlantirish vositasidir", — dedi suhbatdosh.
Har qanday holatda, dedi Shayxov, mamlakatimiz bozor iqtisodiyoti sari odimlamoqda. Uning aytishicha, shu bois hozirda mahalliylashtirish, mamlakatda sohadagi raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beruvchi yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish masalalari muhim o‘rin tutadi.
"Strategiyaning iqtisodiy qismidagi unsurlardan biri bu raqobatbardoshlikni, xususan, mahalliylashtirish va ushbu jarayonga yangi kompaniyalarni jalb etish orqali avtomobil sanoatidagi raqobatbardoshlikni mustahkamlashdir. Bunga nafaqat o‘z brendiga ega strategik hamkorlarni, balki butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi injiniring kompaniyalarini ham jalb etish lozim. Oldimizda turgan muhim vazifalardan biri tayyor avtomobillarnigina emas, ularning butlovchi qismlarini ham eksport qiluvchi mamlakatga aylanishdir. Chunki bu avtosanoatning o‘zidan ham ko‘ra yirikroq biznesdir", — deydi u.
Shu bilan birga, savdo-sanoat palatasi rahbarining aytishicha, muhim ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa yo‘nalishlar ham mavjud — bu qishloq xo‘jaligi mashinasozligi yoki boshqacha aytganda butun boshli mashinasozlik sanoatidir. Hozirda mazkur soha sezilarli ravishda mustahkamlanmoqda. Mamlakat rivojlangani sari uning raqobatbardoshligi oshib boradi. Shu ma’noda, qaysidir bosqichda o‘zbek avtosanoati va mashinasozligida ushbu soha mahsulotlarini olib kirganlik uchun boj to‘lovlari narxi tushadi va O‘zbekiston yirik kompaniyalar bilan bemalol raqobatlasha oladi, dedi Alisher Erkinovich.
"Yangi strategiyamiz mutlaqo yangi qarorlarni ko‘zda tutadi. Masalan, biz hozir Qozog‘istonda avtomobillarimizni yig‘adigan korxona ochmoqdamiz. Va bu butkul yangicha yondashuvdir. Tabiiyki, bu bizning raqobatbardoshligimizni oshiradi va yetakchi brendlar bilan raqobatlashish imkonini beradi. Umuman olganda, biz hozirda ham yangi avtomobillarimiz orqali raqobatga kirishganmiz", — dedi Shayxov.
Ilgariroq O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonunchilikka ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha korxonalarga nisbatan talabni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritgandi. Xususan, bu o‘zgartirishlar avtomobil sanoatida faoliyat yurituvchi korxonalarga ham taalluqli. Yangi talablarga ko‘ra, bir qator korxonalarning butlovchi qismlarni chetdan keltirishdagi bojxona imtiyozlari bekor qilindi.
*Proteksionizm — davlatning mahalliy mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligi va ijtimoiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash maqsadida importga nisbatan vaqtinchalik cheklov o‘rnatishga yo‘naltirilgan tashqi savdo siyosati.