TOShKENT, 6 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga uyushtirgan rasmiy safari davomida Gurbanguli Berdimuhammedovga Islom Karimov sharafiga qo‘yilayotgan haykal uchun minnatdorchilik bildirdi.
Haykalning ochilish marosimi ikki davlat rahbari ishtirokida seshanba kuni Lebop viloyatida bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov Ashxobod shahrida yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazgan. Muzokaralar "O‘g‘uzxon" prezident saroyi kompleksining ikki tomonlama muzokaralar zalida bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlarining yolg‘iz muloqoti rasmiy suratga tushish marosimidan so‘ng tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Turkmaniston Bugun" davlat axborot agentligi.
Prezident Gurbanguli Berdimuxamedov oliy mehmonga davlat tashrifi bilan Turkmanistonga kelish taklifini qabul qilgani uchun minnatdorchilik bildirgan. Uning qayd etishicha, bu tashrif turkman-o‘zbek munosabatlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga turtki bo‘ladi. Bunga do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro foydali hamkorlik poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, Gurbanguli Berdimuxamedovga Turkmanistonga taklif qilgani va ajoyib qabul uchun tashakkur izhor qilar ekan, davlatlararo muloqotning o‘zaro hurmat va amaliy mohiyatga ega yuqori darajasini qayd etdi. Shavkat Mirziyoyev ushbu tashrif ulkan salohiyatga ega ikki tomonlama hamkorlikka yangi turtki berishini ta’kidladi.
Tomonlar uchrashuv chog‘ida mintaqaviy va xalqaro siyosatdagi qator dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashishdi. Muzokaralar "Sulton Sanjar" zalida kengaytirilgan tarkibda davom etmoqda.