TOShKENT, 5 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev uchta shaharda mamlakatning birinchi Prezidenti Islom Karimov haykalini o‘rnatish hamda Samarqandda yodgorlik majmuasini qurish bo‘yicha loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda nuz.uz "O‘zbekiston" telekanalining "Axborot" dasturiga asoslanib xabar qilmoqda.
"Xalqimiz va xalqaro hamjamiyat Islom Karimov nomini Jorj Vashington, Sharl de Goll, Mustafo Kamol Otaturk singari davlat va siyosat arboblari qatoriga qo‘yadi", — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu birinchi Prezident erishgan muvaffaqiyatlarning tan olinishidir.
O‘zbekiston mustaqilligining 26-yilligiga qadar Samarqanddagi Islom Karimov dafn etilgan joyda yodgorlik majmuasi bunyod etiladi.
Islom Karimov uzoq yillar faoliyat olib borgan Oqsaroy qarorgohida Islom Karimov xayriya jamoat fondi va uning nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi faoliyat ko‘rsatadi.
Qarorgoh qarshisidagi maydonga esa birinchi Prezident haykali o‘rnatiladi.
Haykal yaqinida O‘zbekistonning diqqatga sazovor maskanlari, jumladan Samarqanddagi Registon maydoni, Shahrisabzdagi Amir Temur maydoni, Toshkentdagi "O‘zbekiston" Forumlar saroyi va boshqa obyektlar maketlari bog‘i tashkil etiladi.
Samarqand markaziga ham birinchi Prezident haykali o‘rnatiladi. Uning yaqinida muzey bunyod etilib, xiyobon atrofiga favvoralar va maysazorlar joylashtiriladi.
Yana bir haykal Islom Karimov 1986-1989 yillar davomida Qashqadaryo viloyati rahbari sifatida ishlagan Qarshi shahrida bunyod etiladi.