TOShKENT, 5 mar — Sputnik. 4-mart kuni yurt ravnaqi uchun katta hissa qo‘shayotgan bir guruh ayollar poytaxtdagi "Navro‘z" restoranida bayram tabrigini shaxsan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘zidan eshitishga musharraf bo‘ldilar. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Umida Abduazimova ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali ma’lum qildi.
"Bugun behad hursandman! Poytaxtimizdagi "Navro‘z" koshonasidan yuragimga ishonch, ishchanlik, xayajon solib qaytdim!
"Ishlaganlar dam olishni ham bilishi kerak. Mana, hamma taniqli san’atkorlar xizmatingizda. Xohlaganingizni ayting, ularni ham chaqiraman" — dedilar yurtimiz rahbari. Yana aytdilarki, "yetmish uch ham emas, aniq hisobladim, yetmish ikki foizi ayollardir, ishlab, yurt rivojiga hissa qo‘shayotganlarning!.. Ayollar oyog‘i yerdan uzilgan ayrim erkak rahbarlardan ishonchlidir. Oilasini, obro‘sini, kelajagini o‘ylaydi, ayollar!"…
Garchand nafaqada bo‘lsam-da, "har kuni so‘mka ko‘tarib" uchrashuvmi, tadbirga chiqib ketadigan mendek harakatdagi ijodkorga ilhombaxsh so‘zlarmasmi bu?
"O‘zim ataylab shoirlarni ko‘p chaqirdim. Ijodkorlar uyg‘onsin!", deb bizni ijodga rag‘batlantirganlarida ham, "Nega sog‘liq va tinchlik posbonlarini ko‘p tanqid qilyapman, yaxshi ishlashsin deyapman? Chunki bizga avvalo sog‘liq va tinchlik kerak" deb ta’kidlaganlarida ham qalbimda shukronalik behad edi.
Yana "noqobil farzand o‘stirgan ota-onani qonunan jazolash kerak", —deganlarida hamma barobar qarsak chalib yubordi. Rost-da, ota-onadagi e’tiborsizlik sabab, nega ustozlar aziyat chekishi, jamiyat shikastlanishi kerak?..
Borsak ham mehmon qilasiz, kelsangiz ham Toshkentning restoranu kafelariga chorlab, mehmon qilasiz, degandim kechagina namanganlik dugonam shoira Dilbar Haydarovaga.
Buni qarangki, yurt rahbarimiz ham kuzatganlar-da, mehmon ayollarga yuzlanib dedilar: "Bugun ketmanglar. Toshkentliklar uyiga olib borib, mehmon qiladi sizlarni. Chunki ularni hamisha har qayerda mehmon qilgansizlar"…
Xullas ko‘p va xo‘p gaplarni eshitarkanman, mehmon dasturxongamas, mezbonning ko‘ziga qaraydi deganlaridek, yoz va kuz ne’matlarini erta bahorda bizga ilingan hamma mezbonlarga mehrim to‘kildi! Shundanmi, raqsga ham tushdim, sog‘inganlarim bilan diydorlashdim.
Shu kuni tarixda birinchi marta O‘zbekiston prezidenti Zulfiya mukofoti sovrindorlariga xujjat va ko‘krak nishonini o‘z qo‘llari bilan topshirdilar!
Ha, birinchi prezidentimizning tarixiy ishlarini ta’kidlab, mamlakatimiz ravnaqiga hissa qo‘shgan barcha davr qahramonlarini nomini joyiga qo‘yishga undashlari har qancha e’zozga loyiq.
E’tibor qiling-a, har ma’ruzalarida albatta birinchi prezidentimizni tilga oladilar. Kecha ishini o‘rganib, u ketgach o‘rnini egallagan ayrim rahbarchalarga saboq bo‘lishi kerak bu!
Ha, behad hursandman", deb yozadi Umida Abduazimova.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Bastakorlik va cholg‘ulashtirish kafedrasi mudiri, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, xalqaro tanlov va festivallar g‘olibi, bastakor Oydin Abdullayeva ham prezident tabrigini ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasiga joylashtirdi.
"Muhtarama Oydin Utamurodovna!
8 mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni qabul etgaysiz.
El-yurtimiz sizni samarali mehnati, ezgu fazilatlari bilan Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib, barchaga ibrat va namuna bo‘lib kelayotgan faol va fidoyi opa-singillarimizning munosib vakilasi sifatida yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Sizni bugungi bahor va nafosat, go‘zallik bayrami bilan xalqimiz nomidan, o‘z nomimdan yana bir bor tabriklab, Sizga va oila a’zolaringizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Hurmat va ehtirom bilan: Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti", — deyiladi tabrikda.