TOShKENT, 3 mar — Sputnik. O‘zbekistonning 23ta tumanida za’faron plantatsiyalari tashkil etiladi, deb xabar qilmoqda "Jahon" AA.
Loyihaga ko‘ra O‘zbekistonning 23 tumanida 50 gektardan ziyod maydonda za’faron plantatsiyalarini tashkil etish, uning xomashosidan farmatsevtika sanoatida foydalanish, mahsulotni eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Gulsafsardoshlar oilasiga mansub za’faron shamoldan pana, janub tomonga biroz qiya bo‘lgan, quruq tuproqlarda o‘sadi. Uni ekish muddati o‘simlik tinim davriga o‘tgan vaqtda, ya’ni iyul-avgust oylariga to‘g‘ri keladi. Za’faron tuganak piyozlari 10 santimetr uzoqlikda, 15 santimetr chuqurlikda, 60 santimetr kenglikda ekiladi.
Za’farondan olinadigan dorivor xomashyo – qizil rangli gul ustunchasi oktabr-noyabr oylarida teriladi va za’faron tayyorlash punktlariga yuboriladi. Bir gektar plantatsiyadan o‘rtacha 4 kilogramm, ikkinchi yili 7-8, keyingi yillarda 15-16 kilogramm dorivor hosil olinadi. Jahon bozorida 1 kilogramm xomashoning narxi 400 dollardan 1000 dollargacha baholanadi.
Bugungi kunda za’faron Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya kabi o‘n beshdan ortiq mamlakatda yetishtiriladi.
Xalq tabobatida za’faron o‘nlab xastaliklarni davolashda ishlatilgan. Abu Ali ibn Sino za’faron ichish rangni chiroyli, ko‘zni ravshan, yurakni quvvatli, nafas a’zolarini sog‘lom qilishini yozib qoldirgan.
Hozirgi kunda ushbu o‘simlik tibbiyot va oziq-ovqat sanoatida keng ishlatiladi. Uning tarkibida 50 %dan ortiq bo‘yoq beruvchi krotsin, 2,7 % yog‘, 0,32 % efir moyi, V, V2 vitaminlari, azotli moddalar, qand, kaliy va kalsiy birikmalari mavjud bo‘lib, ko‘plab kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi. O‘simlik o‘ziga xos xushbo‘y hidi, yorqin rang va ta’m berishi bois turli taomlarga qo‘shiladi. Undan qandolat mahsulotlari, kremlar, muzqaymoq tayyorlashda ham foydalaniladi. Za’faron qo‘shilgan oziq-ovqat mahsulotlari bir necha kungacha sifatini yo‘qotmaydi.
Mirziyoyev o‘z safari davomida za’faron plantatsiyalarini tashkil etish mahalliy farmatsevtika sanoati uchun xomashyo manbaini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etgan. Za’faron yetishtirish uchun mutaxassislar tayyorlash, buning uchun alohida kollejni tanlash va yoshlarni o‘qitish, Toshkent davlat agrar universitetida mutaxassislar tayyorlash lozimligini ta’kidlagan.
Za’faron o‘simligini yetishtirish, kelajakda uni ko‘paytirish bo‘yicha markaz tashkil etish maqsadga muvofiq ekanligi qayd etilgan. Bu markazda dorivor va oziq-ovqat o‘simliklari turlarini tanlash, ilmiy-tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, yosh kadrlarni sohaga yo‘naltirish, pirovardida chet el ilg‘or texnologiyalarini o‘rganish va eksportni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Mirziyoyevning bu tashabbusi olimlarni yanada rag‘batlantirdi.
Mazkur loyihaning ishga tushishi za’faron va boshqa dorivor o‘simliklarning eng yaxshi namunalarini tanlab olib, ularni ko‘paytirish, yaxlit soha sifatida ixtisoslashtirish, farmatsevtika, parfumeriya va oziq-ovqat sanoatini mahalliy xomashyo bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi", — deb yozishgan o‘z maqolalarida biologiya fanlari doktori, professor Boboqul To‘xtayev hamda katta ilmiy xodim-izlanuvchi Aziz Mahmudov.