TOShKENT, 1 mar — Sputnik. Samarqand viloyati bog‘bonlari joriy yildan suvsiz maydonda ham uzumning yuqori sifatli va hosildor navlarini yetishtirishga kirishmoqdalar, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.
Aytilishicha, lalmi yerda ekilishi rejalashtirilayotgan 756 gektar intensiv usuldagi tokzorlarning 140 gektarga yaqini tuproq sharoiti og‘ir va shartli sug‘oriladigan maydonlarda tashkil etiladi. "Lalmi maydonlarda qish-bahor oylaridagi qor, yomg‘ir suvlarining boshqa o‘simliklar ta’sirida nisbatan yuzaroqda saqlanib qolishi tok rivojlanishining dastlabki davrida yetarli namlik bilan ta’minlash imkonini beradi", — deb yozgan nashr.
"Uzumchilikning bunday usulda yetishtirilishi suv tejamkorligiga olib keladi. Qolaversa, lalmi maydondan ham unumli foydalanib, gektariga 150-200 sentnerdan hosil olishga erishish mumkin", – deb aytgan "Zarafshon" muxbiri muxbiri O‘ktam Xudoyberdiyevga viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi bog‘dorchilik bo‘limi boshlig‘i Maqsud Qoraboyev.
Xabarga ko‘ra, hozirdanoq barcha tayyorgarlik ishlariga kirishilgan. Yangi tokzorlar uchun talab etiladigan 980 mingdan ko‘proq tok ko‘chatlari tumanlardagi uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasida tayyorlanayotgani ta’kidlangan.
Tashkil etiladigan tokzorlarga fermer xo‘jaliklarining o‘z mablag‘lari bilan cheklanilmasdan, bir nechta bank filiallarining moliyaviy ko‘magi ham yo‘naltiriladi. Natijada 660 dan ko‘proq ish o‘rni ham yaratiladi, — deb yozadi nashr.
"Ixtiyorimizda 52 gektar lalmi yaylov bor, – degan Nurobod tumanidagi "Shonazar bobo" fermer xo‘jaligi boshlig‘i Shonazar Elmurodov. – Bu yil tasarrufimizdagi yerning 5 gektarida intensiv usulda tokzor tashkil etmoqchimiz. Buning uchun Qo‘shrabot tumanidagi ilg‘or fermerlardan kishmishbop uzum qalamchalaridan keltirib, ko‘chat qilib qo‘ydik. Ekish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Jumladan, xo‘jaligimiz yerlariga quyosh panellari o‘rnatib, 150 metrdan suv chiqardik.
Uning yordamida tok ko‘chatlarini tomchilatib sug‘oramiz. Ekilayotgan tok ko‘chatlari 4-yilda to‘liq hosilga kirib, gektaridan 200 sentnerdan hosil beradi. Ungacha qator oralariga no‘xat ekib, yerdan unumli foydalanishni rejalashtirganmiz. Bu yil ushbu loyiha bilan 5 ta ish o‘rni yaratgan bo‘lsak, keyinchalik intensiv bog‘dorchilik tashkil etib, 25 nafar yoshlarni ish o‘rni bilan ta’minlamoqchimiz.