TOShKENT, 26 fev — Sputnik. 2017 yil 24-fevral kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida "Respublika fuqarolarining qarovsiz hayvonlardan jarohatlanishi va quturish kasalligining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar" mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilgan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot-xizmati.
Tadbir davomida mahalla, qishloq fuqaro yig‘inlari tomonidan it saqlovchi fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida veterinariya idoralariga taqdim etish, "Quturish kasalligi va uning profilaktikasi" mavzusida mahallalarda, idora, tashkilot va muassasalarda suhbatlar tashkil etish va profilaktik targ‘ibot ishlarini kuchaytirish kabi masalalar muhokama etildi.
Tahlillarga ko‘ra, quturish kasalligi aksariyat hollarda fuqarolarning it saqlash qoidalariga rioya etmasliklari oqibatida, hayvonlar bilan munosabatda ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yishi, jabrlanuvchilarni quturishga qarshi emlash uchun antirabik yordam xizmatiga o‘z vaqtida murojaat qilmasliklari va daydi itlarni tutish xizmatlarining yetarli darajada faoliyat olib bormayotganligi tufayli kelib chiqmoqda.
Quturish kasalligi virus keltirib chiqaradigan kasallik bo‘lib, u yovvoyi tabiatda – bo‘rilar, chiyabo‘rilar, tulkilar, yonotsimonlarda uchraydi. Shu bilan bir qatorda, itlarda ham mazkur virus borligi aniqlangan. Agar kasallikka qarshi chora ko‘rilmasa, o‘z navbatida itlar virusni odamlarga yoki boshqa uy hayvonlariga yuqtirishlari mumkin.
Shu sababli itlarni bog‘liq holda saqlash va o‘z vaqtida emlatish muhim ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, hozirgi kunga qadar dunyo miqyosida mazkur kasallikning davosi topilgani yo‘q. Quturish kasalligining ahamiyatini inobatga olib, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan 2009-yil 28-sentabr kuni "Xalqaro quturish kasalligiga qarshi kurash kuni" deb e’lon qilingan. O‘zbekistonda bunday kasalliklarning oldini olish uchun har bir tuman tibbiyot birlashmalarining markaziy poliklinikalari va shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida antirabik yordam ko‘rsatuvchi punktlar faoliyat olib bormoqda.
Odamlar va hayvonlar o‘rtasida quturish kasalligini oldini olish maqsadida mutaxassislar tomonidan oltin qoidalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularni quyidagicha tavsiflash mumkin:
Egasiz, daydi itlarni paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang, chunki daydi itlar odamlar uchun quturish kasalligining asosiy manbasi hisoblanadi.
Itlaringizni o‘z vaqtida hududiy veterinariya xizmati idoralariga hisobga qo‘ydiring, quturishga qarshi emlating, veterinariya mutaxassisidan it saqlash qoidalari bo‘yicha tegishli maslahatlarni oling va shu qoidalarga doimiy ravishda amal qiling.
Imkon qadar it va boshqa hayvonlar tishlashidan saqlaning, bolalarni ham hayvonlar tishlashidan ehtiyot qiling.
Agar biror hayvon tishlasa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qiling. Mutaxassis shifokorlarning tavsiyasiga ko‘ra, quturishga qarshi o‘z vaqtida va to‘liq emlama oling. Hayvon tishlashidan jabrlangan odamni quturish kasalligidan asrashni, ya’ni fojiani oldini olishning birdan-bir yo‘li quturishga qarshi emlatishdir.
Quturish kasalligi bilan kurashish nafaqat veterinariya, tibbiyot va boshqa tegishli tashkilotlarning ishi, balki keng jamoatchilik, qolaversa har bir fuqaroning ham burchidir. Shunday bo‘lgan taqdirdagina biz ko‘zlagan maqsadimizga, ya’ni insonlarni bedavo kasallikdan muhofaza etishga erishishimiz mumkin.