TOShKENT, 24 fev — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida bugun Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda "Jahon" AA xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, mamlakatning barcha hududlari qatori Qashqadaryo viloyati rivojini ham yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ulkan reja va maqsadlarni bayon etgan edi. Prezident Qashqadaryoga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va istiqbolli loyihalar bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda mamlakatda qazib chiqarilayotgan tabiiy gazning 70 foizi, neftning qariyb 78 foizi, gaz kondensatining 80 foizi, g‘allaning 13 foizdan ortig‘i, paxtaning 14 foizdan ziyodi Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.
Viloyatdagi "Sho‘rtan neft-gaz", "Muborak neft-gaz" korxonalari, "Sho‘rtan gaz-kimyo" majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasi, "Hisor neft-gaz" kabi yirik ishlab chiqarish quvvatlari O‘zbekiston sanoatining lokomotivlari hisoblanadi.
Bugungi kunda yalpi hududiy mahsulotning 51,6 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ishlab chiqarilmoqda. Mehnat bilan band aholining qariyb 80 foizi shu tarmoqda daromad topmoqda.
So‘nggi besh yilda 3 ming 200 gektar paxta maydoni qisqartirilib, kartoshka, meva-sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Oxirgi uch yilda fermer xo‘jaliklarining 22 foizdan ziyodi ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylantirilgan.
Birinchi Prezident rahbarligida Qarshi va Shahrisabz shaharlarida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari bu ikki qadimiy shahar qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi. Qarshi shahrining hududi 9 ming gektardan 17 ming gektarga, Shahrisabz shahrining hududi 3 ming 300 gektardan 4 ming 900 gektarga kengaytirildi.
2016 yilda Qashqadaryo ustidagi qadimiy Amir Temur ko‘prigi rekonstruksiya qilinib, daroning ikki qirg‘og‘ida Qarshi ahli va mehmonlar dam oladigan so‘lim maskanlar barpo etildi. Toshkent — Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" tezurar elektr poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi.