TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Ilgari xabar qilingan, 23-fevral kuni amalga oshishi lozim bo‘lgan Dushanbe-Toshkent aviareysi yana qoldirildi, deb xabar berdi "Podrobno.uz".
Dushanbe aeroporti mazkur reys nega amalga oshmaganligi sababini aytmagan.
"Ushbu reys jadvalga kiritilgandi, biz yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga tayyorlangandik. Lekin nima uchun amalga oshmaganligini bilmaymiz", — degan Dushanbe xalqaro aeroporti matbuot kotibi Jamila Huseynova.
"Somon Eyr" ushbu xabarni izohlamagan, aviakompaniya matbuot xizmati telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermayapti.
Ilgariroq 20-fevralga rejalashtirilgan reys ham amalga oshmagandi. Ma’lum bo‘lishicha, Dushanbe tomoni Toshkentga kerakli hujjatlarni topshirmagan.
Avvaliga "O‘zbekiston havo yo‘llari"ni ayblagan "Somon Eyr" keyin uzr so‘radi va ushbu holatga javobgar shaxslarni ishdan bo‘shatdi.
"O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi saytida maxsus axborot chop etildi.
Unga ko‘ra, xorijiy aviakompaniyalarning O‘zbekiston Respublikasiga doimiy parvozlari O‘zbekiston davlat aviatsiya nazorati tomonidan 2008-yil 25-fevralda tasdiqlangan 33-sonli «Xorijiy aviakompaniyalarning O‘zbekiston Respublikasiga doimiy aviaparvozlarni amalga oshirishi bo‘yicha ko‘rsatmalar» asosida amalga oshiriladi.
Mazkur ko‘rsatmalar asosida xorijiy aviakompaniya «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKga O‘zbekistonga doimiy parvozlarni amalga oshirish rejalashtirilayotgan kundan kamida 30 kun avval hujjatlar to‘plamini topshiradi.
2017 yil 10-fevralda "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK Direksiyasida Somon Air MChJ delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Unda Tojikiston aviakompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga doimiy parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlar to‘plami taqdim etilgandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Tojikiston aviakompaniyalarining Toshkent va Dushanbe shaharlariga doimiy parvozlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingandi.
Ayni vaqtda, Somon Air MChJning O‘zbekistonga doimiy parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish masalasi, ushbu kompaniya taqdim etgan hujjatlar asosida qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
2017 yil 23-fevralda "O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKda Somon Air aviakompaniyasining ishonchli vakili Baxtiyor Alimurodov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan va unda Tojikiston aviakompaniyasining Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishiga doir tushuntirishlar berilgan.
Uchrashuv davomida xorijiy avikompaniyalarning O‘zbekiston Respublikasiga aviaparvozlarni amalga oshirish tartiblariga oydinlik kiritilgan.