TOShKENT, 16 fev — Sputnik. O‘zbekistonda 1-martdan terminalsiz savdo qilish va pulli xizmat ko‘rsatish taqiqlanadi.
Shu yilning 1-martidan O‘zbekistondagi chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha tadbirkorlik subyektlarida terminallar bo‘lishi majburiy hisoblanadi. Bu O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarorida belgilab qo‘yilgan, deb xabar qildi kun.uz nashri.
Shuningdek, plastik kartochkalar orqali to‘lov qilmoqchi bo‘lgan xaridorlarga yuqori narxlar belgilanishiga yirik miqdordagi jarimalar belgilanadi. Agarda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik subyektlari naqd yoki karta orqali hisob-kitob qilish shakliga qarab narxlarni sun’iy ravishda oshirsa yoki tushirsa, buning uchun eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi.
Davlat soliq qo‘mitasiga 10 kun ichida chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida terminallar mavjudligi, nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish, talon va cheklarning berilishi, naqd pul tushumini to‘liq hajmda topshirish masalalari, narxlar sun’iy oshirilmayotgani yoki tushirilmayotgani bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazish vazifasi yuklangan.
Shu bilan birgalikda bu shakldagi tekshiruvlar Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining maxsus ruxsatini talab etuvchi soliq tekshiruvi hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlari iste’mol ehtiyojlari va ishlab chiqarish faoliyatini rag‘batlantirish hamda naqd pulsiz hisob-kitob tizimini rivojlantirish maqsadida Markaziy bankka xalqaro amaliyotdan foydalanib, aholini plastik kartochkalardan foydalangan holda qisqa muddatli kreditlashning zamonaviy mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirilgan.