TOShKENT, 15 fev — Sputnik. 9-fevral, payshanba kuni AQShning Kaliforniya shtati Orovill shahrida joylashgan eng baland to‘g‘oni "tanasida" hosil bo‘lgan yoriqlar tufayli, ko‘ldan suv shoshilinch ravishda pasaytirila boshlandi.
Ko‘ldagi suv hajmi 4,3 milliard kub metrdan ko‘proq deb baholangach, ekspertlar to‘g‘onning vayron bo‘lishi xavfi yuqori, deb ogohlantirdilar. 11-fevral kuni to‘g‘ondan quyida yashovchi yuz minglab odamlar o‘z yashash joylaridan evakuatsiya qilina boshladilar.
Yirik suv omborlaridagi avariya holati yoxud ularning yorilishi ko‘pincha yuqori tezlikda jala yog‘ishi, qor va muzliklarning erishi oqibatida yuz beradi.
"Tojikistondagi deyarli barcha yirik darolar va ularning irmoqlari qor-muzliklardan ozuqa olishadi, — deb yozadi Sputnik Tojikiston nashri muxbiri Andrey Zaxvatov. — Shu bois, mutaxassislar asosiy e’tiborni Vaxsh darosida amalga oshirilayotgan qurilishga qaratganlar. U yerda Markaziy Osiyodagi eng yirik GES — Rog‘un GESi qad rostlamoqda".
Ommaviy axborot vositalarida chop etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil yanvar oyining ikkinchi yarmi — fevral oyi boshlarida Tojikistonning tog‘li hududlarida qor yog‘ingarchiligi 1,6 marta yuqori bo‘lgan. Natijada qor ko‘chkilari soni keskin ortib o‘sishiga olib kelgan. (Yanvar oyida Tojikistonda kshchkilar oqibatida 13 kishi nobud bo‘lgan)
Rog‘un GESi qurilishida 15-yildan buyon rahbarlik lavozimlarida ishlab kelayotgan muhandis Anatoliy Kolesnichenkoning so‘zlariga ko‘ra, damba qurilishi boshlangandan buyon yiliga ikki-uchta suv toshqini ro‘y berib keladi.
Birinchi, vaqti-vaqti bilan kuzatiladigan suv toshqini — may oyida, yomg‘irlar va tog‘ etaklaridagi qorlar erishi oqibatida yuz beradi. Ikkinchi suv toshqini — iyun oyiniki, u issiq harorat tufayli, baland tog‘lardagi qorlar erishi natijasida yuzaga keladi. Uchinchi suv toshqini — eng xavfli hisoblanib, odatda, iyul oyi o‘rtalarida, muzliklarning jadallik bilan erishi natijasida yuz beradi.
"Ayrim yillarda suv toshqinining xavfli turi avgust oyida ro‘y beradi. Qorning qalin yoqqanini hisobga olgan holda, 2017-yilning iyun oyida ertagi kuchli suv toshqinini kutish mumkin. Avgust oylariga kelib ham yana bir jiddiy suv toshqini ro‘y berishi ehtimoli bor, Rog‘un gidroquruvchilari bularga tayyor bo‘lishga ulgurishlari lozim" — deb yozgan muallif maqolada.
Biroq, bu davrda Vaxsh darosi oqimi qanday bo‘lishi hozircha noaniqligicha qolmoqda, hammasi qor va muzliklar zaxirasi, shuningdek, yoz mavsumida tog‘larda harorat qanaqa bo‘lishiga bog‘liqligi aytilgan.
Anatoliy Kolesnichenkoning fikriga ko‘ra, bugun to‘g‘on yuvib ketilishi xavfidan ko‘pam qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Ammo baribir qandaydir xavf baribir saqlanib qoladi. Deylik, agar yozda Pomirdagi Fedchenko muzligi hududida havo harorati 13 gradusdan oshsa va bu holat ikki hafta ushlanib qoladigan bo‘lsa (Dushanbeda bu vaqtda havo harorati 35-40 darajani tashkil qiladi), u holda fojiali suv toshqini yuz berishi mumkin.
Uchinchi tonnel hali qurib bitkazilmagani bois, suvni to‘sib turish uchun qurilayotgan to‘g‘on yuvib ketilishi mumkin, xuddi 1993-yildagi kabi.
GES qurilish maydonida ishlar qay darajada borayotgani haqida Italiya kompaniyasi OAVlar orqali jamoatchilikni xabardor etmayapti. Ammo yanvar oyi oxirida kompaniya rahbariyati Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga bu borada to‘liq hisobot topshirgan. Rahmon o‘z navbatida, kompaniyani shartnomadagi kelishuvlar va qurilish muddatiga qat’iy amal qilish muhimligini eslatib o‘tgan.