TOShKENT, 15 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yilning 5-oktabr kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurganida Urgut tumani yerlaridan unumli foydalanish, xususan, adirli yerlarga yong‘oq, bodom, tok, unabi kabi ekinlar ekish lozimligini aytgan edi.
Turkiyada bo‘lgan M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand filiali direktori Jamshid Ahmadjonovning aytishicha yong‘oq daraxti yer tanlamaydi, suvga chidamli, tog‘da ham, dashtda ham o‘saveradi.
"Ana shu jihatlarni e’tiborga olib, Turkiyaning tog‘li hududlarida bo‘lgan paytimizda yong‘oqzorlar agrotexnologiyasini o‘rganib, iqlim sharoitimizga mos navlarni tanladik. O‘rganishlarimiz natijasiga ko‘ra, ular orasida "Chantler" navi viloyatimiz iqlimi, havo, suv, yer sharoitiga mos ekan. Eng asosiysi, bu navli yong‘oqning mevasi yirik, yuqa po‘choq va oq mag‘izli. Bu esa bugungi bozor talabiga mos", — dedi Ahmadjonov.
Ushbu yong‘oq navining iqtisodiy foydasi haqida gapirar ekan, Ahmadjonov quyidagilarni qo‘shimcha qilgan: "Bu navli yong‘oq tog‘li hududlarga 8x4 metr o‘lchamda ekiladi. Shunda gektariga 200 tup joylashadi. Ikki yillik ko‘chat ekilgach, u uch yildan so‘ng hosilga kiradi. 8-yillik yong‘oq o‘rtacha 40 kilogramm hosil beradi. Shunda 1 gektar maydondagi yong‘oqzordan 8 tonna sara hosil olish imkoniyati yaratiladi.
Bu hozirda yong‘oq narxining o‘rtacha 10 ming so‘m ekanini inobatga olsak, shu paytgacha samarasiz foydalanib kelingan tog‘oldi hududdagi 1 gektar maydondan 80 million so‘m daromad olish degani. 15-20 yoshli bir tup yong‘oq esa 180-200 kilogrammgacha mahsulot beradi".
Shuni alohida aytish lozimki, Turkiyada yetishtirilayotgan bir tup yong‘oq ko‘chatining narxi 7 AQSh dollariga teng. Agar O‘zbekistonga keltirilishigacha bo‘lgan yo‘l xarajatini hisoblasak, bir tup ko‘chat 8 AQSh dollariga tushadi.
"Bu bog‘bon-u fermer uchun albatta, qimmat. Shuni inobatga olib, yaqinda respublika Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekistonda yong‘oq va yong‘oq mevali o‘simliklar ko‘chatlarini yetishtirish, plantatsiyalar barpo qilish mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda chetdan qimmat narxda yong‘oq ko‘chatlari keltirish o‘rniga alohida maydonlarga o‘zimizning mahalliy navli yong‘oq urug‘ini ekib, bir yildan so‘ng Turkiya va boshqa davlatlardan uning novdasini keltirib, unga yuqori sifatda payvand qilish agrotexnikasi o‘rgatildi. Tabiiyki, bu iqtisodiy samara beradi. Ya’ni, fermer uchun bir dona ko‘chat 8-10 ming so‘mga tushishi bilan birga ushbu navli yong‘oqning o‘sish va rivojlanishi iqlim sharoitimizga moslashib, mevasining sifat ko‘rsatkichlari va hosildorligi oshadi", — deb ta’kidladi Ahmadjonov.
Suhbatdoshga ko‘ra, ayni kunda filialning 2 gektar maydonida yong‘oq ko‘chati yetishtirish uchun yerni sifatli tayyorladik. Kelgusi yilda uni Urgut tumanining 4,5 ming gektar tog‘oldi va dasht hududiga ekish ko‘zda tutilgan.
Ayni kunlarda maxsus dastur asosida nafaqat ushbu yer maydonlari, balki tumanda yong‘oqdan tashqari bodom, tok, unabi kabi ekinlarni ekishga mo‘ljallangan 10 ming 200 gektar va Jomboy tumanining 300 gektar tog‘oldi hududidagi maydonlar ham bu mevalar plantatsiyalarini tashkil etish uchun o‘zlashtirilmoqda.