TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Qarshi tumanining Mirmiron mahallasida yashovchi nafaqaxo‘r Ulug‘bek Qarshiyev issiqxonasida papayya yetishtirdi. Bu haqda Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuoti xizmati xabar bermoqda.
Ulug‘bek Qarshiyevning hovlisida jami 13 sotix maydonni egallagan uchta issiqxona mavjud. Issiqxonada tropik papayya daraxti o‘stirilmoqda. Nafaqaxo‘rning qayd etishicha, uning ko‘chati 3-4 yil avval ekilgan.
Issiqxonada, shuningdek, palma daraxti, 200 tup limon, mandarin va apelsin daraxtlari, fikus, fikus gitara va aleandra gullari, bir necha tup banan daraxti ham o‘stirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, papayya tropik o‘lkalarda o‘sadi. Mevasining ta’mi va hidi yangi uzilgan qovunni eslatishi bois uni "qovun daraxti" deb ham atashadi.
Mevasining og‘irligi 6-7 kilogrammgacha yetadi. Bir tup papayadan 50-60 donagacha meva olish mumkin. Tarkibida glyukoza, fruktoza, organik kislotalar, oqsil va turli vitaminlar mavjud bo‘lgan papayya mevasi to‘yimli va salomatlik uchun foydali hisoblanadi.