TOShKENT, 3 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 30-dekabr kuni mamlakatning yetakchi olimlari bilan uchrashgan edi. Unda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash borasidagi dolzarb masalalar, ularni hal qilish yo‘llari haqida ochiq fikrlashib olindi.
O‘zbekiston olimlari mazkur uchrashuvda bildirilgan fikr-mulohazalarni chuqur o‘rganib, o‘zlarining amaliy takliflarini bildirishmoqda, deb yozadi "Jahon" AA.
Jumladan, o‘zbek o‘rmonchilik maktabining taniqli vakillaridan biri, Toshkent davlat agrar universiteti professori Abduxalil Qayimov O‘zbekistonda zaytun va zig‘ir yetishtirish taklifini ilgari surgan.
Professorning so‘zlariga qaraganda, bu tajriba bosqichma-bosqich ommalashtirilsa, yog‘-moy importi keskin qisqaradi.
"Mamlakatimizda zig‘irdan asosan qo‘lbola juvozlarda yog‘ olinayotgani tufayli uni filtrlash va qayta ishlash imkoni deyarli yo‘q, shu bois xalqimiz zig‘ir yog‘idan ro‘zg‘orda doimiy foydalanmaydi. Biroq xorijlik mutaxassislar ham zig‘ir va kunjut hosili yuqori texnologiyalarda qayta ishlansa, olingan yog‘ sifati zaytun yog‘idan qolishmasligini aytmoqda", — deya qo‘shimcha qildi olim.
Qayimovga ko‘ra, agar bu moyli o‘simliklarni sug‘oriladigan yerlarda ekish va uni qayta ishlash sanoati O‘zbekistonda to‘la quvvat bilan yo‘lga qo‘yilsa, nafaqat xalqni yog‘ mahsulotlari bilan ta’minlash, balki uni xorijga eksport qilish imkoni ham paydo bo‘ladi.