TOShKENT, 10 fev — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 10-fevral kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
Surxondaryo viloyati iqtisodiy salohiyati, tabiiy imkoniyatlari bilan O‘zbekiston taraqqiyotida alohida ahamiyatga ega.
Mustaqillik yillarida ana shu salohiyat va imkoniyatlarni voha ahli, butun xalqimiz manfaatlari yo‘lida ishlatish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi.
Viloyat iqtisodiyoti barqaror sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Buning tasdig‘ini 2016-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 8 foiz o‘sgani misolida ko‘rish mumkin.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Mazkur sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 75,3 %ni tashkil etmoqda.
Mehnat bilan band aholining 80 %dan ziyodi mazkur sohada ish yuritmoqda.