TOShKENT, 16 noya — Sputnik. Surxondaryo viloyatida yaqin uch yil ichida paxta maydonlarining beshdan bir qismi meva-sabzavot ekinlari uchun ajratiladi, deb xabar bermoqda NUZ.UZ.
Respublika hukumatining 1-noyabrdagi qaroriga muvofiq, 2019-yilda paxta maydonlari 117 100 gektardan 90 300 gektarga, paxta hosilini yig‘ib olish esa 328 800 tonnadan 264 000 tonnaga qisqartiriladi.
Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatda g‘alla ekinlari maydoni 98000dan 93000 gektarga qisqartiriladi. Yaqin uch yil davomida Surxondaryoda sabzavot maydonlari 18 foizga – 44,4 ming gektarga oshishi kutilmoqda. Bog‘lar, dukkakli va ozuqabop ekin maydonlari oshadi.
Hukumat qarorida Surxondaryo viloyatida dehqon xo‘jaliklari imkoniyatlaridan samarali foydalanish-chora tadbirlari ham tasdiqlangan.
2016 yilning 10-dekabriga qadar viloyatning har bir tumanida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda fermerlar va "O‘zagroeksport" kompaniyasi ishtirokida agrofirmalar tashkil etiladi. Ular ustav fondi hajmidan qat’i nazar meva-sabzavot, rezavor va tok mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladilar. Rasmiy manbalar ma’lumotiga qaraganda, O‘zbekistonda 2020-yilga qadar paxta xom ashyosini yetishtirish va davlat xaridi 3 million 350 ming tonnadan 3 million tonnaga tushiriladi.
Paxta xom ashyosi yetishtirishni 350 ming tonnaga qisqartirish hisobiga 170,5 ming gektar hosildorligi past, paxta hosili gektaridan 12-15 sentnerdan oshmaydigan (mamlakatda o‘rtacha hosildorlik gektariga 26,1 sentnerni tashkil etadi) sug‘oriladigan yerlar bo‘shaydi. Hozirda O‘zbekistonda meva-sabzavot va tok mahsulotlari yetishtirish uchun sug‘oriladigan yerlarning 20 foizidan foydalanilmoqda. Mamlakatda meva va tok mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan 24,7 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari va 3,6 mingdan ortiq sabzavot va rezavorlar yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari mavjud.