TOShKENT, 9 fev — Sputnik. 2016-yilning 15-dekabr kuni Samarqand shahri tashqarisidagi Xishrav qo‘rg‘oni hududida joylashgan markaziy chiqindixona yaqinidagi suv akvatoriyasida ko‘p miqdorda eshak jasadlari, suyaklari aniqlangani haqida xabar bergan edik. Xabar so‘nggida Samarqand viloyati IIB ushbu holatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash maqsadida surishtiruv ishlari olib borayotgani haqida ham aytib o‘tgan edik.
Jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev o‘z blogida Samarqandda "eshaklar go‘ristoni"ni tashkil qilganlar ustidan sud bo‘lgani haqida yozgan va ushbu jarayon haqida batafsil to‘xtalgan.
Eshak go‘shti qayerda ishlatilgan?
Militsiya rahbarining jurnalistga yo‘llagan javob maktubida eshaklar go‘shti biron-bir maqsadda ishlatilmagani aytilgan. "Menimcha, ular eshak go‘shti jamoatchilik ovqatlanadigan punktlarga yetkazilmaganligiga alohida urg‘u bermoqchi bo‘lishgan", deb yozadi muallif. Xabarda ushbu ish Samarqand tumani jinoiy ishlar sudiga oshirilgani aytilgan. Shundan so‘ng jurnalist Samarqand tuman jinoiy ishlar bo‘yicha sudiga murojaat qilib, ushbu ish materiallari bilan tanishgan.
"Qo‘l tashlang, oshna"
Shundan so‘ng Sh. Alibekov yangi biznes planni yo‘lga qo‘yish uchun guruh tuzadi. Va u yerga o‘z tanishlari Davron Rabbimov, Elbek Ibragimov, Ulug‘bek To‘xtashev hamda Dilshod To‘xtamishevlarni jalb qiladi.
Go‘shti emas, terisi kerak
Sud ishida ta’kidlanishicha, Sh. Alibekov D. Rabbimovga 3-marta ikki million so‘mdan pul bergan. Rabbimov bu pullarga Bulung‘ur va Jomboy tumanlaridan eshaklarni xarid qilgan va E. Ibragimovning yuk mashinasida jonivorlarni Samarqand tumani Do‘stlik mahallasiga yetkazib berib turgan. Ibragimov va Rabbimov eshaklarni so‘yib, terisini o‘zlarida olib qolib, go‘shtini tashlandiq joy va suv havzasiga olib borib tashlashgan.
Bir oy davom etgan biznes
To‘xtamishev eshak go‘shtini akvatoriyada yetishtirayotgan baliqlar uchun ozuqa sifatida foydalangan. Eshak suyaklarini esa maxsus maydalagichda maydalab, suv havzasiga yaqin joyda joylashgan yerto‘laga va akvatoriyaga olib borib tashlagan. Shuningdek, maydalangan suyaklardan tovuqlar uchun ozuqa sifatida foydalanilni tovuqlar ga bergan.
Alibekov va uning sheriklari bu antiqa biznes bilan hujjatga ko‘ra, bir oy davomida shug‘ullanishgan.
"Guruh qilmishida jinoyat yo‘q!"
Samarqand IIBB tergov bo‘limi tergovchisi M. Safarov guruhning qilmishida jinoyat tarkibi yo‘qligi tufayli ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘ashni rad etgan.
Sh. Alibekov, D. Rabbimov, E. Ibragimov, U. To‘xtashev, va D. To‘xtamishevlar sud qilingan.
Sud guruh a’zolarini "ma’muriy jinoyat sodir etish va hayvonlar bilan shafqatsiz muomala qilish"da aybdor deb topgan va ularga eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida jarima solgan.