TOShKENT, 19 dek – Sputnik. Xorazmlik bojxonachilar huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari bilan o‘tkazgan tezkor tadbirda insonlar hayotiga salbiy ta’sir qiluvchi mahsulotlar ishlab chiqarayotgan yashirin kolbasa sexi aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Rashid Ollaberganovning (maqoladagi ism-familiyalar o‘zgartirilgan) uyida noqonuniy "yashirin sex" tashkil qilingani, unda kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarilayotgani aniqlandi.
Sexdan umumiy qiymati 67 895 850 so‘mlik kolbasa mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan asbob-uskunalar, oziq-ovqat xom ashyo mahsulotlari, kolbasa etiketkalari hamda kolbasa ishlab chiqarishda ishlatiladigan kukunlar, tayyor kolbasa mahsulotlari topildi.
"O‘zstandart" agentligining viloyat sinov va sertifikatlashtirish markazi xulosasiga ko‘ra, sexdagi go‘sht mahsulotlari iste’molchilar hayoti va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi.
Mazkur xolat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.