TOShKENT, 1 fev — Sputnik. O‘zbekistonliklar internet orqali Chevrolet avtomobillarini boshqa rusumdagi avtomobillarga nisbatan ko‘proq sotib olishadi, degan xulosaga kelishdi 2016-yilgi statistikani o‘rgangan OLX e’lonlar xizmati analitiklari.
O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan avtomobillar internetdagi barcha xaridlarning 56%ini tashkil etadi. Bu rusumdagi mashinalarni onlayn orqali bir necha ming dollarga topish mumkin.
Ikkinchi o‘rinni Rossiyaning AvtoVAZa zavodi mahsulotlari band etdi, ular OLX orqali amalga oshirilgan xaridlarning 16,5%ini tashkil qilgan.
Uchinchi o‘rin Daewoo rusumiga nasib qildi. Mazkur brend ostidagi mashinalar xaridi o‘n foizga teng.
Beshlikka shuningdek, nemislarning Mercedes va Rossiyaning GAZ avtomashinalari ham kirdi. 2016-yilda ularning savdodagi ulushi 2%dan bo‘lgan.
O‘nlikni ulushi 0,7dan 2%gacha bo‘lgan avtomobillar yakunlaydi. Ular orasida BMW va "Moskvich" yuqoriroqda joylashgan. Ulardan keyingi o‘rinni Hyundai egallagan. Ro‘yxat oxirida Nissan va Toyota 0,8%dan ulush bilan turibdi.
Eng ommabop model Chevrolet Spark bo‘ldi. U jami xaridlarning 16,6%ini tashkil qilgan. Keyingi o‘rinda 12,9% ulush bilan Lacetti turibdi. Chevrolet Nexianing ulushi 10,1%ga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Matiz undan yarim foizga ortda qolgan. Cobalt hissasiga 7,4% xarid to‘g‘ri keladi. Oltinchi o‘rinda 4,4% bilan Daewoo Matiz bormoqda, undan keyingi o‘rinlarni Chevrolet Captiva va Daewoo Nexia 3,9% ulush bilan egallagan. VAZ 2106 xaridlarning 3%ini tashkil qildi, jami xaridlarning qolgan 40%i boshqa modeldagi avtomobillarga to‘g‘ri keladi.
OLXda eng arzon avtomobil narxi ikki million so‘mdan boshlanadi. ba’zida esa antiqa takliflar ham uchrab qoladi. Masalan, to‘liq ta’mirdan chiqarilgan qadimiy "Chayka" uchun 100 ming dollar so‘rashgan.
Ozgina yurgan Mercedes G55 yo‘ltanlamasini 130 ming dollarga berishadi. Germaniyadan keltirilgan Porsche Cayenne 95 ming, Panamera 88 ming dollar turadi.
Tezlikni xush ko‘ruvchilar uchun 60 ming dollarga Maserati Ghibli sotiladi. Mashhur Ford Mustang ham shu narxga tushadi, e’lon muallifi mashinani yer uchastkasiga almashtirishga ham tayyor.
2016 yilda OLXda sotilgan eng qimmat mashina esa 220 million so‘m — 67,5 ming dollarlik Audi Q7 bo‘ldi.
OLX e’lonlar xizmati (ilgarigi Torg.uz) 130 mingdan ortiq takliflarni chop etadi va har oyda 80 mingdan ortiq e’lon qo‘shiladi. OLX — dunyodagi yetakchi bepul e’lonlar maydoni bo‘lib, 40dan ortiq mamlakatda faoliyat ko‘rsatadi. U Naspers global media va raqamli kompaniyasiga tegishli.