TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp juma kuni Suriyadan qochqinlarni qabul qilishni 120 kunga to‘xtatuvchi qonunga imzo chekdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Hujjatni imzolash tadbirida AQSh prezidenti qochoqlar bundan buyog‘iga "ekstremal" tarzda saralanishini aytib o‘tgan.
"Men yangi choralarni AQShga radikal terrorchilarning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qabul qildim. Biz mamlakatimizga qonunlarimiz va xalqimizni hurmat qiluvchi kishilar kelishini istaymiz", — degan Tramp Pentagondagi marosimda.
Bundan tashqari, farmon bilan suriyalik muhojirlar qabul kvotasi ham qisqartirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, AQSh 2017-yilda 50 mingdan ortiq qochqinni qabul qilmaydi.
Farmon matnida viza olish uchun suhbatdan o‘tish majburiy talabga aylanishi aytilgan. Tramp shuningdek mamlakatga kirib kelayotgan kishilar ustidan nazorat o‘rnatuvchi biometrik tizimni amalga tatbiq etishni tezlashtirish haqida ham vazifa yuklagan.
Eslatib o‘tamiz, Tramp juma kuni suriyalik nasroniylarga yordam berishga qaror qilganini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek AQSh hukumati boshqa mamlakatlardan batafsil ma’lumotni talab qiladi. Bu mamlakat hududiga kirmoqchi bo‘lgan insonlarni yaxshiroq o‘rganishda qo‘l keladi. Matnda Vashington xorijiy hukumatlardan bunday ma’lumotni qay tarzda olishiga aniqlik kiritilmagan.
Bundan tashqari, Tramp aholisining asosiy qismi musulmon bo‘lgan bir qator mamlakatlar fuqarolarini 90 kunga mamlakatga kirishlarini cheklab qo‘ydi, biroq mamlakatlar nomi oshkor qilinmadi. Sal oldin bu davlatlar Iroq, Eron, Suriya, Sudan, Yaman, Liviya va Somali bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan edi.
Trampning yangi farmoni, Sukerberg, AQSh senatidagi demokratlar va bir qator siyosatchilar tomonidan qattiq tanqid ostiga olindi. Nobel mukofotining eng nomdor 11 nafar sovrindorlari ham AQSh prezidentining migratsiyaga oid siyosatiga qarshi chiqishmoqda.