TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Litsey va kollejlarni tugatgan yoshlarning aksariyati o‘qishni davom ettirish maqsadida oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshiradi. Ota-onalar esa farzandining nufuzli oliygohlarda ta’lim olishini xohlaydi. Afsuski, ularning bu xohishlaridan ayrim kimsalar o‘z manfaati yo‘lida foydalanib qolishni ko‘zlaydi. Samarqand davlat universiteti o‘qituvchilari Umidjon Abdurahmonov va Orifjon Mamatqulovlar shundaylardan bo‘lib chiqdi, deb yozadi "Zarafshon" nashri.
Qolaversa, O.Mamatqulov abituriyentlar haqida ma’lumotlarni Davlat test markaziga kiritish, test qaydnomalari, hujjatlari va materiallarni tayyorlab beruvchi kompyuterchilar guruhining a’zosi. Uning aynan shu lavozimda ishlashi qo‘lini sovuq suvga urmay, mo‘may daromad topish uchun o‘ziga xos yo‘l ochdi.
Bunday imkoniyatdan foydalanib qolish uchun U.Abdurahmonov bilan xufiyona reja tuzdi va har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, farzandini o‘qishga kiritishni istovchilar xohishini katta manfaatdorlik evaziga qondirishga kirishishdi. Shu maqsadda o‘tgan yilning iyul oyida U.Abdurahmonov va rejani amalga oshirishga ko‘makka kelgan universitet talabasi Elbek Ergashev farzandini o‘qishga kiritib qo‘yish sharti bilan ikki kishidan 16000 AQSh dollari talab qiladi.
Mazkur firibgarlik va tamagirlik ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqildi. Oqibatda ular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildilar.
Albatta, osonlik bilan katta pul topish hammani ham qiziqtiradi.
Ammo bu maqsadga yetishish uchun tamagirlik yo‘lini tanlash hech qachon kechirilmaydi. Yomoni, nopok ishga qo‘l urgan yuqoridagi kimsalar o‘zlariga ham, nufuzli oliy ta’lim maskani sha’niga ham dog‘ tushirdilar.