TOShKENT, 11 mar — Sputnik. O‘zbekiston Statistika qo‘mitasi mamlakatda poraxo‘rlik xususiyatlarini aniqlash maqsadida korrupsiya ishlari monitoringini ishga tushirdi. Savol-javob O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida anonim tarzda 10-aprel sanasiga qadar muassasa rasmiy saytida o‘tkaziladi.
Statistika qo‘mitasi anketa savol-javoblari natijasi yordamida O‘zbekistonda poraxo‘rlik darajasini pasaytirish usullarini ishlab chiqmoqchi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, Markaziy Osiyo bo‘yicha poraxo‘rlik darajasi ko‘rsatkichi eng past davlat – bu O‘zbekiston.
Korrupsiya ko‘rsatkichi uncha yuqori bo‘lmasa-da, hukumatimiz bu illatni tubdan yo‘qotish tizimini yanada takomillashtirishda davom etmoqda.
Shveysariya davlati tomonidan tuzilgan Basel Anti-Money Laundering Index reytingida O‘zbekiston Markaziy Osiyo bo‘yicha poraxo‘rlik darajasi ko‘rsatkichi eng past bo‘lgan davlat sifatida ko‘rsatilgan.
Reyting dunyoning 150 mamlakatida o‘tkazilgan savol-javob natijasida e’lon qilingan.
Poraxo‘rlik uchun O‘zbekiston qonunchiligida qat’iy jazo choralari belgilangani — ushbu illat yurtimizda tomir olib ketmasligiga sabab bo‘lmoqda, deb ta’kidlash mumkin.