TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. O‘zbekistonlik firibgarlar 31.500 dollar evaziga o‘lgan odamni "tiriltirib" bermoqchi bo‘lishdi, deb xabar bergan "Inson va qonun" gazetasiga tayangan holda "Darakchi" nashri.
Gurlan tumanida yuz bergan bu firibgarlik tafsiloti butun qishloqqa tarqalgan.
Munavvara Davlatova bir necha yil muqaddam o‘zini "tabib", deb e’lon qilgan. Uning tabibligiga birovlar ishongan, birovlar bunga qo‘l siltab qo‘ya qolgan. Xullas, kunlarning birida "tabib" opa huzuriga 1963-yili Yangiariqda tug‘ilgan M.Rahimova kelib, qizi Malika Ro‘zimatovani darddan forig‘ etib berishni so‘raydi.
Davlatova taklifni bajonidil qabul qilib, Malikani uyida "davolash"ga kirishadi. Bemor ayol bir muddat ana shu asnoda Munavvara opaning uyida "davolanadi". "Tabib" bu jarayonda o‘z mijozini obdan o‘rganadi. Qarasa-ki, Malikadan tuppa-tuzuk sherik chiqishi ham mumkin. Davlatova buni fahmlab, anchadan buyon diliga tugib yurgan firibgarlik maqsadlarini amalga oshirishga kirishadi. Firib ishlari rejasi ham tuziladi.
Ularning tuzog‘iga dastavval Urganch tumanidagi "G‘alaba" qishlog‘ining "Asalchilik" mahallasida yashovchi Rajabboy Bobojonov tushadi. Uning o‘g‘li U.Bobojonov giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etib, ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Ikkovlon firibgarlik yo‘li bilan R.Bobojonovning ishonchini sui¬iste’mol qilishga kirishadi va o‘g‘lini 800 AQSh dollari hamda 400 ming so‘m pul evaziga qamoqdan ozod qilishga va’da beradilar. Rajabboy aka firibgarlarning so‘ziga laqqa tushib, aytilgan pulni ularga darhol qo‘sh-qo‘llab tutqazadi.
Malikaning nimalarga qodirligini bayon qila turib, narkotik moddalar bilan muomala qilishda ayblangan bir necha shaxsni sud zalining o‘zidanoq ozodlikka chiqartirib yuborgani, 15-yilga qamalgan yana bir necha aybdorning jazosini 6-yilgacha kamaytirib berganligini aytib, balki sizning o‘g‘lingiz tirikdir, avtohalokatda boshqa kishi o‘lgandir, deya ishontirishga urinadi.
Cho‘kayotgan odam hatto xas-cho‘pdan ham najot izlaydi, deyishganidek, og‘ir ruhiy holatdagi bemor Rajabboy aka bunday avrashga laqqa ishonadi. Ish silliqqina bitayotganidan ruhlangan Munavvara esa fursatni o‘tkazmay Malikaga telefon qilib, tezda yetib kelishini tayinlaydi.
Malika Rajabboy akaga Urganch shahrida advokat bo‘lib ishlashini, oldin ko‘pgina ayblangan shaxslarni oqlaganini, barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda tanishlari borligini, ular ko‘magida o‘g‘lini topib bera olishini aytadi. Shundan so‘ng "advokat" tezda ishga kirishib, Rajabboy akani "o‘g‘lingiz tirik, u qamoqda saqlanayapti", deya avraydi.
Farzandining tirikligiga astoydil ishongan odam ulardan pulni ham, mol-mulkni ham ayamaydi. 2014-yilning fevralidan 24-avgustiga qadar va’da va aldovlarga ishongan ko‘yi "o‘lmasdan qolgan" va ayni kunlarda go‘yoki qamoqda saqlanayotgan o‘g‘lini ozod qilish uchun firibgarlarga 31.500 AQSh dollari hamda 4 million 100 ming so‘mlik oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni beistihola in’om qilib yuboradi.
Shu o‘rinda, fuqarolarning firibgarlar aldoviga ishonib, yillar davomida peshona teri evaziga topgan bisotini qo‘shqo‘llab ularga topshirishi kishini ajablantiradi. Bunday ko‘ngilsizliklarga yo‘liqmaslik uchun esa hamma va har bir kishi ogoh bo‘lmog‘i, firib tuzog‘idan o‘zini asrash payida bo‘lmog‘i zarur.