TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. Qonun hujjatlarini baholash tizimi portaliga "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturi loyihasi joylandi. U naqd va naqdsiz pul aylanmasi o‘rtasidagi farqlarni bartaraf etish choralarini nazarda tutadi, deb xabar qilgan kun.uz nashri.
Shu bilan birga, bir plastik kartadan boshqasiga mablag‘larni o‘tkazish uchun tariflarni pasaytirish rejalashtirilmoqda. Yangi normalarning asosiy maqsadi – fuqarolik aylanmasi ishtirokchilari uchun naqd va naqdsiz to‘lovlar o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etishdir. Hozir bunday o‘tkazmalar uchun to‘lov tizimlari mablag‘ning miqdoridan 2 % olishmoqda.
Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkorlar, oilaviy korxonalar, dehqon xo‘jaliklari uchun plastik kartalardan ishlab chiqarish, savdo va boshqa ehtiyojlari uchun erkin foydalanish imkoniyatlari kengayadi.
Naqd bilan to‘lash talablari hamda to‘lov usuliga bog‘liq holda narxlardagi farqlarni belgilashga (buning uchun chegirma taqdim qilish) yanada katta taqiq qo‘yiladi.
Loyiha o‘zgartirilishi, qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.