TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda yil oxirigacha bank plastik kartochkalari soni 20 milliontaga yetadi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri ma’lum qildi.
Nashrda yozilishicha, tijorat banklari joriy yil oxirigacha chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlaridagi to‘lov terminallarini 220 mingtaga, plastik kartochkalar sonini 20 milliontaga, infokiosklarni 4,6 ming hamda bankomatlarni 700 taga yetkazishi rejalashtirilgan. Buning uchun esa banklar o‘rganishlar natijasi va mijozlar talabidan kelib chiqqan holda, plastik kartochkalar va to‘lov terminallari bo‘yicha yetarli miqdorda rezerv shakllantirib, plastik kartochka egalariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish choralarini ko‘radi. Mobil aloqa qamrab oladigan hududlar va aloqa kanallarini kengaytirish uchun Toshkent shahri hamda viloyatlar markazlarida yirik savdo majmualari, tumanlarda esa taqdim etilgan aloqa kanallarini taftishdan o‘tkazadi.
Shuningdek, banklar aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida mobil ilovalarni faol tatbiq etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Xususan, onlayn rejimida ishlovchi bank kartochkalaridan kreditlarni qoplash, budjet va soliq to‘lovlarini amalga oshirish, tovar va xizmatlar uchun hisob-kitoblar qilish bo‘yicha yangi dastur hamda xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.
Plastik kartochkalarning ko‘p funksiyaliligini ta’minlash uchun tijorat bankining mijozi bo‘lgan korxona xodimlari — jismoniy shaxslarning so‘m plastik kartochkalari orqali kreditlar ajratish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun pasport nusxasi, ish haqi to‘g‘risida ma’lumot, korxonaning o‘z xodimi majburiyatlari uchun kafolatnomasi bo‘lsa, kifoya.
Shu bilan birga joriy yilda mobil ilovalar orqali plastik kartochkalari qaysi bank emitenti bo‘lishidan qat’i nazar, bir plastik kartochkadan ikkinchisiga pul ko‘chirish uchun olinadigan xizmat haqi qayta ko‘rib chiqiladi.
"DUET" tizimidagi plastik kartochkalar esa bosqichma-bosqich onlayn tizimida ishlovchi "Smartvista EMV" kartochkalariga almashtirilib, ularni ishlatish muddati 5-yil qilib belgilanadi.