TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda keyingi o‘n yilda oddiy nomga ega, ya’ni Uzcard naqd pulsiz to‘lov tizimi faol tarzda singdirilib kelinmoqda.
Tan olish joizki, hukumatimiz bu borada jiddiy muvaffaqiyatlar qozondi — plastik kartochka egalari undan universal to‘lov vositasi sifatida foydalanib kelishmoqda, deylik oziq-ovqat do‘konlarida, turli xizmat ko‘rsatish sohalarida. Shuningdek, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni ham plastik karta yordamida amalga oshirish mumkin. Toshkent shahridagi faqat plastik kartochkaga savdo qiluvchi "Elga xizmat" korxonalarini ham xalq uchun yaratilgan yana bir qulaylik sifatida e’tirof etish mumkin.
15 yil muqaddam terminal nima ekanligini bilmagan, sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi "savdolashish" esa, hatto, o‘ziga xos urf-odat darajasiga ko‘tarilgan mamlakat uchun bu jiddiy yutuq ekanligini e’tirof etish lozim.
Ammo yangi tizimning barcha sanab o‘tiladigan afzalliklariga qaramay, so‘nggi yillarda, O‘zbekiston aholisi o‘zini aldangandek his qilayotgani ham rost.
Ko‘zlangan maqsad — "naqd pullar elektron pullarga tenglashtirilishi" nafaqat amalga oshmadi, balki bu ikkisi, bir-biridan yiroqlashdi, hatto.
Shu bois, Sputnik muxbirlari mamlakatda so‘nggi paytlarda aholi dardiga dardisar bo‘layotgan plastik kartochkalardan foydalanishning o‘ziga xos milliy xususiyati nimada ekanini aniqlashga kirishdilar.
Masala tarixiga nazar
Mamlakatimizda naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish, jumladan, plastik kartochkalar orqali to‘lovlarni o‘tkazish tizimini takomillashtirish 2004-yilda joriy etilgan edi. Ammo bu 2004-yilga qadar baknlar kartalar emissiyasi bilan shug‘ullanmagan, degani emas. Shunchaki, 2004-yilda "plastik" tizimini xalq orasida maksimal singdirish uchun davlatning o‘zi ishga kirishdi.
Bu yo‘nalishda muvaffaqiyat qozonish uchun, eng avvalo biznesni naqd pulsiz, ya’ni terminal vositasida amalga oshiriladigan to‘lov tizimiga o‘tishga majbur qilish taqazo qilinardi. Bu esa, tabiiyki, soliq inspeksiyasi to‘siqlarini "aylanib o‘tib", "qora bugalteriya" asosida ish yuritishga ko‘nikib qolgan tadbirkorlarga unchalik xush kelmasdi.
Ammo bu singari qarshiliklarga qaramay, so‘nggi o‘n yil davomida mamlakat ulkan ishlarni amalga oshirdi.
Muammolar yechimsiz qolmoqda
Naqd pulsiz to‘lov tizimi joriy etilgan ilk yillarda xaridorlar tadbikorlar bu tizimga qay tariqa qarshi chiqishgani guvohi bo‘lishgan edi. Plastik kartochkalar orqali to‘lovni qabul qilmaslik uchun tadbirkorlar qanday bahonalarni to‘qimadilar deysiz — "terminal ishlamayapti", "sizning kartochkangiz ishlamayapti", "terminalni bankka topshirganmiz", "dam olish kunlari banklar ishlamaydi, demak terminalimiz ham ishlamaydi"… Ha, do‘konlar, kafelar va boshqa obyektlarga murojaat qilgan mijozlar ana shunday bahonalarni eshitaverib, bezillab qolishgan edi.
Ammo bunga qaramay, tizim yaratildi, va bugungi kunda Toshkent va boshqa yirik shaharlarda plastik kartochkalarni qabul qilmaydigan do‘konlarni topish qiyin. Kulfat boshqa tomondan yopirildi. Avval boshda e’lon qilingan — naqd va elektron pullar tengligi haqiqatda amalga oshmadi. Muammolarning yuzaga kelishiga esa banklarning o‘zi sababchi bo‘ldi, ular turli bahonalar ostida plastik kartochkalardagi pulni naqd pulga aylantirishdan bosh torta boshladilar.
Ya’ni, rasman olganda, bank mijoz talab qilishi bilan uning plastik kartochkasidan zarur bo‘lgan summani naqd pul tarzida yechib berishga majbur. Ammo shu paytga qadar yechimi yo‘q muammoligicha qolmoqda. Bankka murojaat qiladigan bo‘lsangiz, avvaliga naqd pul yo‘qligini bahona qilishadi, qat’iy turib oladigan bo‘lsangiz, boshqaruvchiga yo‘naltirishadi va siz shaxsiy kartangizdan o‘zingizga tegishli pulni yechib olish uchun ariza yozishga majbur bo‘lasiz. Shundan keyin, siz yechib olmoqchi bo‘lgan pullar bankda paydo bo‘lishini uzoq poylashingizga to‘g‘ri keladi, va, agar omadingiz chopib, pullar paydo bo‘lsa, so‘ragan summaning o‘ndan birini qo‘lga kiritishga muyassar bo‘lasiz, ehtimol.
To‘g‘ri, agar plastik kartaga inson kundalik ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni xarid qilish, komunnal xizmatlar to‘lovini amalga oshirish mumkin ekan, naqd pulning nima keragi bor, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Ammo hammasi ham siz o‘ylaganchalik oson emas. Bugungi kunda poytaxtdagi eng yirik maishiy texnika bozoriga yo‘lingiz tushsa, u yerda plastik orqali to‘lov siz uchun 15-30%gacha (sotuvchining surbetligiga qarab) qimmatga tushishini darhol ma’lum qilishadi.
"Ippodrom", "Qo‘yliq" buyum bozorlarida ham terminallar deyarli yo‘q, savdo faqat naqd pul evaziga amalga oshiriladi. Qolaversa, istalgan dehqon bozorida ham meva-sabzavotlarni naqd pulga ancha arzonga xarid qilishingiz mumkin.
Nafaqa, stipendiya, oylik maoshlarning asta-sekin 40dan-100%gacha plastikka o‘tkazilishi naqd pul "tanqisligi" muammosi yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Tanqislik bor joyda esa, o‘zingizga ayon poraxo‘rlik tizimi gullab-yashnaydi.
Bu borada ham, eng qizig‘i, banklar yetakchi o‘rin egalladi.
Pul kerakmi? Marhamat!
"Har qanday tadbirkorga naqd pul kerak. Ammo naqd pulni bankdan qonuniy yo‘l bilan olishning imkoni yo‘q. Faqat juda xohlasangiz, bu muammoning yechimini topasiz. Bir yil oldin banklarda pullarni foiz evaziga kartochkadan yechish tizimi qonuniy tarzda amalga oshirib kelindi. Ya’ni, kartochkamdan 1 million so‘mni yechib olgan bank, mablag‘ning 20%ni o‘zlashtirib, qo‘limga 800 ming so‘m berardi. Bunday olib qarasangiz banklar havodan pul ishlashdi", — deydi kuyunchaklik bilan Sputnik muxbiriga Farhod ismli tadbirkor.
Suhbatdoshning so‘zlariga qaraganda, bu "amaliyot" tez orada yo‘q qilindi, ammo "uddaburro" bank xodimlarini endi to‘xtatishning iloji yo‘q edi. Yuqorida aytilganidek, bank o‘z mijozining birinchi talabi bilan uning kartochkasidagi pullarni naqd pulga aylantirib berishi shart, ammo bu ishni qonunan amalga oshirish juda qiyin. Lekin, deydi suhbatdosh, agar oladigan summadan 20% ulush berishni va’da qilsangiz, ishingiz 10 daqiqada bitadi. Baxtiyor mijoz esa va’da qilgan "ulushni" bank xodimiga biror pana joyda topshiradi.
Huquqni muhofaza qilish organi xodimlari bu holatni to‘g‘rilashga harakat qilib kelishmoqda, poytaxt va boshqa regionlardagi bank xodimlarining qamalgani el og‘ziga tushgan. Ammo, afsuski, bundan yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Banklardan naqd pulni olish hozir ham yechimi yo‘q muammoligicha qolmoqda, elektron pullarni naqd pulga aylantirish tizimida poraxo‘rlik esa kun sayin ortib bormoqda. Natijada, bolta faqat xalq boshiga kelib tushapti. Ha, oylab tinim bilmay mehnat qilgan insonga pullari plastik kartochkaga tushirib berilgani yetmagandek, xalq ayrim takabburlarning tantiqliklari uchun ham tovon to‘lashga majbur bo‘lmoqda.