TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. Loyiha tashkilotchilarining fikricha, bu yoshlarni va ko‘pchilik foydalanuvchilarni vazirlikning elektron xizmatlaridan faolroq foydalanishga jalb etadi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
"Yaratilgan stikerlarning aksariyati Mehnat vazirligining muvofiq keluvchi xizmatlarini ifodalayjdi. Masalan, "Ishdan noqonuniy bo‘shatishdimi, 200-06-00 raqamiga qo‘ng‘iroq qil" stikerida vazirlikning Call-markazidagi yagona raqami ifodalangan bo‘lib, murojaat etuvchi o‘z mehnat huquqlarini himoya qilish uchun kerakli maslahat va ko‘makni olishi mumkin", — deb ma’lum qildi vazirlik matbuot xizmati.
Eng talabgir stikerlar foydalanuvchilar e’tiborini bo‘sh ish o‘rinlari bazasiga qaratuvchi "ish.mehnat.uz" yoki "Ish qidirapman — takliflar bor" stikerlari bo‘lsa ajab emas. Bugungi kunda bazada muntazam ravishda yangilanib turadigan 60-70 ming bo‘sh ish o‘rni mavjud. Foydalanuvchilar mazkur bazadan viloyat, tuman, shahar va mutaxassisliklar bo‘yicha ish topishlari, tez orada esa ishga joylashish uchun yo‘llanmani elektron shaklda olishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, "ish.mehnat.uz"da rezume tayyorlash, ishga joylashish uchun suhbatdan o‘tish bo‘yicha maslahatlar, turli hujjatlarni to‘ldirish namunalari ham o‘rin olgan.
Yana bir qiziq stiker — "Oylik maoshni hisoblagich". Ushbu xizmat yordamida foydalanuvchilar Yagona tarif setkasiga muvofiq oylik maosh haqida ma’lumotga ega bo‘lishlari mumkin. Mazkur qulay kalkulyator shtat jadvalidagi tarif razradi kiritilganida foydalanuvchining oylik maoshi miqdorini hisoblab beradi.
"Menga mehnat daftarchasi kerak" stikeri ham e’tibordan chetda qolmaydi, unda yuridik shaxslarning mehnat daftarchasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha axborot tizimi ifodalangan. Mazkur tizim orqali yuridik shaxs shaxsiy kabinetiga kirib mehnat daftarchasi olish uchun ariza berishi hamda murojaatning bajarilish jarayonini kuzatib borishi mumkin.
Bular o‘zbekistonliklarga taqdim etilayotgan ayrim stikerlar xolos. Mehnat vazirligining qayd etishicha, stikerlar bazasi (https://telegram.me/addstickers/uz_mehnat) hozircha ishlanish jarayonida va yanada takomillashadi. Uni takomillashtirishda vazirlik tomonidan e’lon qilingan maxsus tanlov doirasida foydalanuvchilar ham ishtirok etishlari mumkin.