TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. Rossiya Ostona muzokaralariga umid bilan qaramoqda — dedi Rossiya prezidentining maxsus vakili Aleksandr Lavrentyev.
"Umuman olganda biz ertaga bo‘lib o‘tadigan muzokaralarga ma’lum umid bilan qaramoqdamiz.Tinchlik o‘rnatishga imkon berish kerakligini barcha ishtirokchilar yaxshi tushunmoqda. Suriyada qarama-qarshi turgan tomonlarga yarashib olishga imkon berish kerak, jumladan 8-fevralda bo‘lib o‘tadigan Jeneva muzokaralarida ham", — dedi Lavrentyev jurnalistlarga.
Muzokaralariga tayyorgarlik doirasida bugun 22-yanvar kuni Ostonada Rossiya, Turkiya va Eron delegatsiyalari olti soat davom etgan muzokaralar o‘tkazishdi.
Undan keyin esa, Rossiya vakillari Suriya hukumati delegatsiyasi va Suriya muxolifati vakillari delegatsiyalari bilan alohida muzokaralar o‘tkazdi.
Ushbu o‘tkazilgan muzokaralar, tomonlar nuqtayi nazarini bir-biriga yaqinlashtirib, ertaga bo‘lib o‘tadigan muzakaralarning muvaffaqiyatldi bo‘lishiga imkon tug‘dirmoqda.
"Ertaga bo‘lib o‘tadigan muzokaralar oson bo‘lmaydi, albatta. Biz muammolarga darhol yechim topishga harakat qilmayapmiz, lekin tomonlar nuqtayi nazarini yaqinlashtirishga harakat qilamiz", — dedi Lavrentyev.
Eron delegatsiyasi rahbari ham bugun bo‘lib o‘tgan muzokaralardan mamnun ekanini xabar qildi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu muzokaralarda BMTning maxsus vakili Staffan de Mistura ham ishtirok etmoqda. Muzokaralardan oldin de Mistura AQSh elchisi bilan uchrashgan edi. Uchrashuvdan keyin AQSh elchisi muzokaralarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi. Lavrentyev aytishiga qaraganda, Staffan de Mistura Rossiyaning Suriyada tinchlik o‘rnatish sa’y-harakatlariga to‘liq tushunish bildirmoqda va qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ayni damda Suriyada tinchlik o‘rnatish shartnomasining yakuniy ko‘rinishi hali tayyor bo‘lmagan, tomonlar uning ustida ishlamoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Ostona muzokaralari 23-yanvar kuni soat 13:00 da boshlanib 24-yanvar kuni 13:00 da yakunlanadi. Muzokaralar yopiq eshik ortida bo‘lib o‘tadi.