TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. O‘zbekiston hukumati 2017-yilda o‘zaro chegaralarni tartibga solish bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan muzokaralarni faollashtirmoqchi. Mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi farmoni loyihasi Normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
SSSR tarqalib ketganidan so‘ng O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan bo‘lgan chegara uchastkalari kelishilmagan holda qolmoqda va bu doimiy chegaraoldi nizolariga sabab bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda chegaraoldi nizolarida qurol ishlatilgan holatlar ham yuz berdi.
O‘zbekistonning yangi rahbari Mirziyoyev tashqi siyosat sohasida birinchi navbatda qo‘shnilar bilan munosabatlar, xususan, chegara muammolarini hal qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Prezidentning farmoni 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini — davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy sektorda islohotlar o‘tkazish va tashqi siyosat tamoyillaridan iborat besh yo‘nalishni amalga oshirishni ko‘zda tutadi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Farmon loyihasiga ko‘ra, strategiyani amalga oshirish doirasida respublikaning mutasaddi vazirlik va muassasalariga 2017-yilning birinchi choragida davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqarish topshirilgan.
Xususan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning kelishilmagan uchastkalarini huquqiy rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish va chegaralar haqida hukumatlararo kelishuvni imzolash rejalashtirilmoqda.
Mazkur rejada shuningdek, Tojikiston va Turkmaniston bilan davlat chegarasining kelishilmagan qismlarini huquqiy rasmiylashtirish masalasini muhokama qilish uchun muzokaralar jarayonini yangilash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, hujjat loyihasida Qozog‘iston bilan davlat chegarasini demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar davom etishi ko‘rsatilgan.