TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi diniy ekstremizm g‘oyalarini targ‘ib qilgan Payariq tumanilik uch nafar shaxsga nisbatan hukm chiqardi, deb xabar berdi Sputnik muxbiriga suddagi manba.
Payariq tumanida yashovchi 45 yoshli Tolibjon Hakimov, 37 yoshli Hotam Salohiddinov va 27 yoshli Obid Sodiqov yashirin diniy guruh tuzadi. Ular aholi orasida videolavhalar, matn va ekstremistik ruhdagi g‘oyalarni tarqatish orqali diniy ekstremizmni targ‘ib qilishadi.
"Istanbuldagi "Ixsan ilm" madrasasidagi rahnamolari, Suriyadagi "Kotibatul Imom al-Buxoriy" terrorchilik tashkiloti tomonidan tayyorlangan ekstremistik materiallardan ilhom olgan guruh a’zolari O‘zbekistonda IShID namunasi bo‘yicha "xalifalik" tuzish fikriga tushadi.
Ular tashviqot maqsadida shuningdek, "Islom davlati" terrorchilik tashkiloti safida jang qilayotgan Abdullo Buxoriy laqabli shaxsning da’vatlaridan foydalanishadi.
O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati xodimlarining tezkor tadbirlari natijasida guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Maxsus xizmat xodimlari ularning uylaridan ekstremistik adabiyotlar va O‘zbekiston konstitutsion tuzumini zo‘rlik bilan ag‘darish hamda "xalifalik" tashkil etishga da’vat qilingan elektron materiallarni topdilar.
Ayblanuvchilar sudda barcha ayblariga iqror bo‘lishdi. Hotam Salohiddinov va Obid Sodiqovlarning har biriga 5-yilu 6 oydan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tolibjon Hakimov 5-yilga ozodlikdan mahrum etildi.