TOSHKENT, 17 yanv — Sputnik. Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyevning nabirasi Oysulton Nazarboyev hokimiyat tepasidagi soʻnggi poraxoʻrlk mojarolari haqida fikr bildirdi. Oysulton Nazarboyev Facebookdagi sahifasida ota boʻlganidan soʻng uning dunyoqarashi "ancha kengayganini" eʼtirof etdi.
"Bilasizmi, men qizim, uning boʻlajak dugonalari, boʻlajak turmush oʻrtogʻi oʻsib-ulgʻayayotgan Qozogʻiston haqida oʻylamagan kunim yoʻq. Shuning uchun ham bugun Qozogʻiston fuqarosi, prezidentning nabirasi sifatida oʻzimning kichkinagina "qoʻngʻiroqxonam"dan menga dolzarb boʻlib tuyulgan masalalar haqida fikr bildirmoqchiman", — deya uning soʻzlaridan iqtibos keltiradi Sputnik Qozogʻiston.
Oysulton Nazarboyev "aytiladigan narsani aytish ustuvorlik emas, burchdir" deydi. "Faol, dunyo koʻrgan va oʻz vatani uchun vatanparvar boʻlib qolgan uning kabi kishining esa aytadiganlari bor".
"Davlat rahbari yuqorida, Qozogʻistonni boshqaruv rulini mahkam tutib turibdi — gʻarb matbuotini oʻqing va bu gaplarning xolisligiga oʻzingiz ishonch hosil qilasiz. Uning atrofidagilar yoʻlaklarda turib olgancha yuz martalab "hokimiyat almashuvi" haqida gapirishayotgan bir paytda u indamaygina ishlamoqda", — deb davom etadi prezident nabirasi. U davlat rahbarining jamoasida haqiqiy mahoratli kishilar koʻpligini qayd etadi.
"Lekin afsuski, ayrimlar yulduzlik kasalligini koʻtara olishmaydi. (…) Bu insonlar, ming afsuski, oʻz vatani manfaatlaridan uzoqda, oʻzlarining boylikka boʻlgan hirslari atrofida oʻralashib qolishgan. Bunday kasal odamlar murakkab davlat muammolarini yecha olishga qodir emaslar. Qattiq ishlash lozim boʻlganida ular bobomga qanday yordam berishadi?", — deya savol tashlaydi u.
Poraxoʻr va tullaklar
Oysulton Nazarboyev milliy xavfsizlik qoʻmitasining hozirgi rahbari Karim Masimov prezident atrofini poraxoʻr va tullaklardan tozalayotganini qayd etadi.
"Hech qayerda "xalq dushmani" degan eskirgan soʻz ishlatilmaydi, lekin yuqori lavozimdagi yulgʻich amaldorlarga nisbatan bu soʻz juda mos tushadi. Chunki ular bir-birlariga emas, aynan xalqqa zarar keltirishadi.
Bobomni bilganim uchun bemalol aytishi mumkin: Masimov bu mushkul vazifani Qozogʻiston prezidenti atrofi toʻliq tozalanguniga qadar davom ettiradi", — deb yozgan Oysulton Nazarboyev.
Prezidentning nabirasi yozishicha, "eng asosiysi — mazkur vazifani "jodugar ovi"ga aylantirmaslik, maqsad sofligicha qolishi — "oʻgʻrilarni tutib qonunga asosan jazolash" kerak. Halol amaldorlar goʻyoki "vaziyat qiyinlashganidan" qoʻrqmasliklari lozim. Barcha qiyinchilik koʻngildan boshlanadi, chunki "oʻgʻri har doim oʻzining oʻgʻri ekanligini biladi".
"Shaxsan menga qiziq, oxir-oqibat milliy bank raisi, prezident devoni rahbari Jaksibekovlar amal kursilarida qolisharmikin? Axir ularning bevosita qoʻl ostidagilari ogʻir jinoyatlarga qoʻl urishda gumon qilinmoqda. Nomlari aytilgan janoblarni esa men juda yaxshi bilaman va birortasi ulardan yashirincha jiddiy ish qilishga uringaniga ishonmayman…
Tekshiruvlar bizga janob Utemuratov va Tasmagambetov iflos ish qilgan-qilmaganini koʻrsatib beradi", — deb yozadi Nazarboyev.
Ogʻalar davri tugamoqda
Taniqli familiyalarni keltirarkan, Oysulton Nazarboyev harqalay korruptsiya botqogʻiga botganlar unchalik koʻp emas deb hisoblaydi. "Yaratganga shukr, bunday familiyalar aslini olganda unchalik koʻp emas.
Shunchaki ular paydo qilgan salbiy taʼsir mamlakatni qalin bulutdek qoplab turibdi. Nimayam derdik, ogʻalar davri yakuniga yetmoqda — Qozogʻiston koʻz oʻngimizda oʻzgarmoqda. MXQning yangi raisi bu muammolarni hal qilish uchun yetarlicha vaqt va imkoniyatga ega ekanligiga ishonchim komil — mamlakat uchun uning oʻrni har doimgidan ham muhim", — deb xulosa qiladi u.
U yoshlarni Qozogʻistonning barqarorlik va mustaqillikni mustahkamlashga qaratilgan strategik yoʻlini qoʻllab-quvvatlashga chaqiradi, "zero vaqti kelib biz ham Qozogʻistonning kelajagi uchun farzandlarimiz oldida javob beramiz".
"Yillar oʻtadi va mening qizim katta boʻlib feysbukdagi bu yozuvlarimni oʻqiydi — internetda hech narsa yoʻqolmaydi. Umid qilamanki, oʻsha paytga kelib korruptsiyalashgan Qozogʻiston haqida unga xuddi ertakdek gapirib beraman: "aytsam ishonmaysan, bir paytlar mamlakatimizni odamlarning baxtli boʻlishlarini xohlamaydigan qora kuchlar boshqarishni istashgandi… Lekin keyin hammasi oʻzgardi"- deya orzu qiladi davlat rahbarining nabirasi.
Dekabr oxirida yagona jamgʻarib boriluvchi pensiya fondi raisi Ruslana Yerdenayev, moliyaviy xatarlar boshqarmasi rahbari Musa Baxtov hibsga olindi. Yerdenayev va boshqa shaxslar talon-tarojda ayblanmoqda.
Dushanba kuni Qozogʻiston MXQ prezident devoni rahbarining sobiq oʻrinbosari Baglan Maylibayev va prezident devoni ichki siyosat boʻlimi mudiri oʻrinbosari Nikolay Galixin ikki oyga sud tomonidan hibsga olinganini maʼlum qildi. Ular "Davlat sirini noqonuniy toʻplash, tarqatish va fosh qilish" moddasi boʻyicha jinoyat sodir etganlikda gumon qilinmoqda.