TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Mamlakat poytaxti va boshqa muhim joylarni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev nomi bilan atash taklif qilindi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi deputat Kuanish Sultanov ana shunday tashabbus bilan chiqdi.
"Mamlakat konstitutsiyasida birinchi prezident – millat yetakchisi Nursulton Abishevich Nazarboyevning mamlakatimiz qurilishiga qo‘shgan hissasi qayd etilishini, poytaxt va boshqa muhim obyektlarda Yelbasi (millat yetakchisi) nomi aks ettirilishini taklif etamiz", — dedi u Qozog‘istonning mustaqillik yillari davomida erishgan yutuqlariga bag‘ishlangan deklaratsiyani o‘qir ekan.
U Ostonada mustaqillikka bag‘ishlangan yodgorlik barpo etishni taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda prezident Nazarboyev tasviri tushirilgan suvenir pul chiqarilishi ma’lum qilingandi. Banknota mamlakatda 1-dekabr kuni nishonlanadigan Birinchi prezident kuni arafasida chiqishi kerak.