TOSHKENT, 17 yanv — Sputnik. Sputnik Qirgʻiziston mualliflaridan biri Yekaterina Mixaylova Bishkek yaqinida sodir boʻlgan aviahalokat qurbonlari qarindoshlari ushbu mudhish hodisani qanday qarshi olganliklari haqida reportajni mushtariylar eʼtiboriga havola qilgan.
Ruhshunoslarning "hali hammasi yaxshi boʻladi", "tinchlanish kerakligi", "hayot davom etishi" haqidagi taʼkidlari erkakning qulogʻiga kirmas edi. U butun oilasidan mahrum boʻlgandi. Erkak oppoq ohaklangan devorga umidsiz nigohlarini qadadi: u yerda nimalarni koʻrayotganini esa faqat Alloh biladi. Balki, ota-onasi va jajji singlisini hayotdan olib ketgan Boingning yonayotgan qoldiqlarinidir…
Qoʻllarim qaltiray boshladi. Balki shu vaqtda qarshimdagi kabinetda yongʻinda kulga aylangan 5 yashar qizchaning tanasini yorib koʻrishayotgandir…
Sudmedekspertlar va patologoanatomlar navbatma-navbat kabinetlaridan chiqishar va qonga belangan qoʻlqoplarini yechib, asabiy holatda sigaret tutatishar edi. Men ularning yoniga borib, diktofonimni yoqaman.
Tomogʻimga yigʻi toʻplanib kelgani tufayli boʻgʻilayotganimni sezdim. Ijtimoiy tarmoqlarga kirib, aviahalokatga doir yangi tafsilotlarni oʻqiy olmay qoldim. Morg binosini oʻrab olgan militsionerlarga, shu atrofda yurgan Qizil yarim oy jamiyati xodimlariga hamda morg oldida toʻplanib, hayotlaridagi eng ogʻir hukmni eshitishga shay turgan odamlarga birma-bir qarayapman. "Sizning qarindoshingiz halok boʻlgan, uni tanish uchun kabinetga kiring. Iltimos, ortiqcha gap-soʻzlarsiz — faqat "ha" yoki "yoʻq" deb ayting. Zarurat tugʻilsa, ruhshunos yoki tez tibbiy yordam shifokori sizga koʻmak beradi".
Hamma qoʻrquv iskanjasida. Ana sal narida bir ayol choʻkallab olib, ayyuhannos solmoqda. Kimlardir sodir boʻlgan fojiaga ishonqiramay, allanimalar deb baqirar, boshqa birlari esa boshiga tushgan kulfatni bir chetda jimgina "yengar", hatto, yuzlaridan oqib tushayotgan koʻzyoshlarni sidirishmas edi.
Ular "layner qoldiqlari ostida nega men qolmadim", deya oʻzlarini koyiyotgandek edilar goʻyo…
Oʻtib ketayotgan yoʻlovchilar oʻzining oʻrinsiz savollari bilan murojaat qilardilar: "Nima boʻldi oʻzi? Nega atrofni militsiya bosgan? Yana yongʻin roʻy berdimi?"
Menimcha, ularga havo yetishmasdi, yigʻilganlar ogʻriqdan ingrab yuboray deb turgan bir ahvolda edilar…
Sputnik Qirgʻiziston tahririyati halok boʻlganlarning barcha qarindoshlariga chuqur hamdardlik bildiradi.