Ekspertlar: Rossiya migrantlardan to‘g‘ri foydalana olmayapti

© Sputnik / Kirill Braga / Mediabankka o‘tishMigrantlar bilan ishlash markazi
Migrantlar bilan ishlash markazi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Migrantlar haqidagi tasavvurlar ko‘pincha tasdiqlangan dalillar asosida emas, balki tekshirilmagan ma’lumot va uydirmalar asosida shakllanadi. Gaydar forumi ekspertlari migratsiya jarayoni borasidagi fikrlarga oydinlik kiritishga harakat qildilar

TOShKENT, 13 yanv — Sputnik, Mariya Sheludakova. Rossiyaliklar orasida mamlakatga keluvchilarning aksariyati ma’lumotsiz va quyi mutaxassislikka ega degan fikr tarqalgan. Lekin aslida bunday emas — Moskvada bo‘lib o‘tayotgan Gaydar forumida ekspertlar migrantlarning ta’lim darajasini o‘rganishga oid tadqiqot natijalarini e’lon qilishdi.

Quruvchilar, supermarket xodimlari, restoran va kafelar xizmatchilari, kuryerlar va farroshlar — ularning aksariyati universitet va kollejlarni bitirishgan. Rossiyaliklarning migrantlar ta’lim darajasi haqidagi tasavvurlari butkul noto‘g‘ri.

Rossiyaliklar bu yerga faqat bilimsiz kishilar kelishadi va bu mehnat bozoriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi deb hisoblashadi.

Toshkent-Moskva poyezdi kelishi - Sputnik O‘zbekiston
Rossiya aholisining 78% migrantlar kelishiga qarshi

Ekspertlar bu haqiqatga umuman mos kelmasligini bildirishdi — keyingi yillarda mamlakatga kelayotgan migrantlarning ta’lim darajasi mamlakatni tark etayotganlarnikiga nisbatan ancha yuqori.

"Statistikaning ko‘rsatishicha, mamlakatga kelayotganlar Rossiya ta’lim darajasini oshirishmoqda", — dedi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining ijtimoiy tahlil va taxmin instituti yetakchi ilmiy xodimi Nikita Mkrtchan.

Ayni paytda Rossiyaga MDH davlatlaridan ishlash uchun yiliga 3,8 million kishi keladi. 2016-yilda Rossiyaga Ozarbayjondan 149 ming, Armanistondan — 280 ming, Belarusdan — 128 ming, Qozog‘istondan — 47 ming, Qirg‘izistondan — 424 ming, Tojikistondan — 757 ming, O‘zbekistondan — 1,4 million, Moldovadan — 218 ming, Ukrainadan — 378 ming kishi kelgan.

Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining ijtimoiy tahlil va taxmin instituti yetakchi ilmiy xodimi Yuliya Florinskaya ish beruvchilar va migrantlar orasida o‘tkazilgan so‘rovlarda mehnat migrantlarining aksariyat rossiyaliklarga nisbatan ta’lim darajasi pastligi aniqlanganini, lekin ayrim sohalar bo‘yicha aynan migrantlar orasida yetuk mutaxassislar ko‘proq ekanligini aytdi.

"Xorijlik va rossiyalik xodimlar orasida sezilarli farq mavjud, zero migrantlar orasida rahbarlar va yuqori malakali mutaxassislar ulushi kamchilikni tashkil etadi, biroq Rossiya mehnat bozorida xorijliklar hisobiga to‘ldiriladigan toifalar ham bor", — dedi mutaxassis.

Qurilish maydonchasidagi ishchilar - Sputnik O‘zbekiston
Migrantlar Moskva budjetiga 13 mlrd rubl to‘ladi

O‘tgan yili Ukraina, Armaniston va Qirg‘izistondan mehnat migrantlari oqimi oshgani kuzatildi. Ma’lum bo‘lishicha, ularning ta’lim darajasi butun Rossiya bo‘yicha olib qaraganda anchagina yuqori ekan. Moldova, Ukraina, Armanistondan oliy ma’lumotli kishilar ko‘p kelishadi. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan keluvchilar orasida esa oliy ma’lumotlilar 10-15 foizni tashkil etadi.

"Ikkinchi masala — Rossiya mehnat bozorida migrantlarning salohiyatidan qanday foydalanilishi. Bu yerga kelganlarning ko‘pchiligi ixtisosligi va ma’lumotiga mos ish topa olishmaydi. Ular o‘z salohiyatlarini ishga sola olishmaydi, chunki Rossiya bu salohiyatdan foydalana olmayapti", — dedi Florinskaya.

Inson salohiyatidan foydalana bilmaslik oqibatida esa malakali akusher-ginekolog ofitsiant bo‘lib ishlaydi — so‘rovlardan ma’lum bo‘lishicha, bunday holat ko‘p uchraydi. O‘rta tibbiyot xodimi esa supermarketda sotuvchilik qiladi, aslida Rossiyada tibbiy xodimlar yetishmovchiligi mavjud.

"Migrantlar mehnat bozorida mahalliy aholi band bo‘lmagan eng quyi pog‘onada joylashishadi. Odatda barcha korxonalarda eng yuqori pog‘onada mahalliy aholi, o‘rta pog‘onada ichki migrantlar, quyi pog‘onada esa xorijlik migrantlar turishadi, — dedi Florinskaya. — Ko‘plab migrantlarning yuqori malakali ekanligi hisobga olinmaydi. Migrantlar iqtisodiy bozorni rivojlantiruvchi ulkan kuch ekanligini anglab yetish lozim. Ularni qo‘llab-quvvatlash darkor".

Moskvada Rossiya siyosiy va iqtisodiy elitasi, biznes va moliya doiralari hamda xorijlik ekspertlar ishtirokida VIII Gaydar forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Yangiliklar lentasi
0