TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. "Zarafshon" gazetasi rasmiy saytida "Aravasin tortmagan rahbar o‘ziga ham, jamiyatga ham naf keltira olmaydi", sarlavhasi ostida maqola e’lon qilingan.
"Gap har bir shaxsning zimmasiga yuklatilgan qonuniy vazifa va burchlar ijrosi haqida bormoqda. Menimcha xalq o‘rtasida ommalashib ketgan ushbu ibora va tushunchaga izoh berishga hojat bo‘lmasa kerak", deya o‘z fikrlari bilan bo‘lishgan maqolada "Zarafshon" gazetasi Bosh muharriri Farmon Toshev.
"Zamon shiddat bilan o‘zgarapti, ilgarilab ketapti, – dedi Prezident. – Eskicha yashash tarzi bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi darkor. Aks holda, uning biri ikki bo‘lmaydi, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmaydi".
Muallif bu mavzuga yaqin misolni keltirib o‘tgan.
"Samarqand shahridagi istagan ikkita o‘quv yurtini solishtirib ko‘ring. Birida isitish tizimi ishlaydi, ikkinchisida – yo‘q. Birining hovlisi havas qilgulik, ikkinchisiniki tashlandiq holatda. Birida o‘quvchilar bir xilda chiroyli kiyinib keladi, ikkinchisida bu ish o‘quvchining o‘ziga tashlab qo‘yilgan. O‘qituvchilarning kiyinishida ham shunday farq bor.
Bu holat sizga tanish. Endi uning sababi haqida fikr yuritaylik. To‘g‘ri, isitish tizimi katta mablag‘ talab etadi, ammo muassasa rahbari avvalo uskunalarning shu holga tushmaslik chorasini ko‘rishi, ko‘p yillik faoliyati davomida bu pulni yilma-yil jamg‘arishi yoki budjet hisobidan rejalashtirishi mumkinmidi?
O‘quvchilar intizomi, odobi, kiyinishi bilan har kuni shug‘ullanish lozim. Ming afsuski, rahbar buni o‘rinbosari yoki bo‘lim boshlig‘iga topshirgan va nazorat qilmagan.
Bu kayfiyat, tabiiyki, ish jarayoniga ta’sir etadi. Davomatning pastligi o‘qituvchi kayfiyatiga, rahbarning majlisma-majlis yurishi o‘qituvchi mas’uliyatiga va hokazo. Natijada oxirgi paytlarda o‘qituvchining ochiq dars o‘tishi go‘yoki qahramonlikka tenglashtirib qo‘yildi. Axir u istalgan paytda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan uslub-ku!
O‘z aravasini o‘zi torta olmaslik atrofdagilarning g‘ashiga tegadi. Ayrim idoralar hududining hatto old qismini hashar bilan tozalash boshqa muassasada ishlaydiganlarga yoqadi deysizmi? Hashar bilan butun boshli ko‘cha yoki tuman markazini tartibga keltirishchi?
O‘sha hududning aholisi qayerda, qani o‘sha hudud rahbarlari?! Nega o‘z aravasini o‘zlari tortmaydi?
Mablag‘ yetarli bo‘lib, yil boshida ta’mirlashni rejalashtirmagan direktorga "rahm"i keladi kishining. Mabodo tadbir o‘tkaziladigan bo‘lsa, maktab nima uchun hashar yo‘li bilan tayyorlanishi kerak? Ota-ona va homiydan pul so‘rashga kimning haqi bor?
Bu illatlarning asosiy sababi jamoa bilan maslahat qilmaslik, rejalarni puxta ishlab chiqmaslikdir. Yashirib nima qilamiz, ko‘plab idoralarda xodimlar o‘z yillik faoliyatining rejasidan xabardor emas. Rahbar muhr bosib qo‘ygan bunday "hujjat" kelasi yilgacha seyfdan chiqmaydi. Chunki bu reja ijrosini so‘rash tizimi ishlamaydi. Chunki jamoaning fikri so‘ralmaydi, har bir xodim va rahbar bir-biriga o‘z faoliyati yuzasidan hisob bermaydi.
Men ushbu maqolaga bejiz o‘quv muassasalarini misol qilib keltirmadim. Davr nafasini aynan ziyolilar teranroq tushunadi va xalqqa ham tushuntira oladi. O‘quv muassasasidagi muhit esa oilaga tez ta’sir qiladi.
Qissadan hissa shulkim, o‘z aravasini tortolmaganlar doimo kimningdir (eng avvalo, o‘g‘il-qizlari) oldida mulzam, qarzdor bo‘lib yashaydi, biri ikki bo‘lmaydi.
Aravangizni torting, hech bo‘lmaganda, tortishga harakat qiling, birodar", — deya maqolaga xotima yasagan muallif.