O‘zbekistonda yo‘lkirani plastik kartochka orqali to‘lash joriy etiladi

Obuna bo‘lish
Hujjatda yana bir og‘riqli muammo - yo‘l haqini naqd pulsiz to‘lash muammosini ham hal etish ko‘zda tutilgan

TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Dasturni tasdiqladi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.

Hujjat doirasida besh yil davomida 303ta yangi yo‘lovchi tashish yo‘nalishi, ulardan 240tasini shahar atrofida va qishloq joylardan o‘tadigan shaharlararo qatnovlarda ochish nazarda tutilgan. Yangi yo‘nalishlar ochish bilan birgalikda avtobuslar yetishmovchiligi sababli qatnov to‘xtatilgan yo‘nalishlar tiklanadi.

Toshkent avtobus bekatlaridagi axborot ekranlari - Sputnik O‘zbekiston
Toshkent avtobus bekatlarida axborot ekranlari paydo bo‘ldi

Shuningdek, kelgusi besh yil mobaynida 8,6 ming dona yo‘lovchi tashish avtomobili, jumladan, 5,7 ming dona qulay mikroavtobuslar sotib olinadi.

Avtostansiyalar, to‘xtash bekatlari yengil konstruksiyalardan va asosan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan arzon materiallardan (metall konstruksiyalar, sendvich panellar va shu kabilardan) foydalangan holda namunaviy loyihalar bo‘yicha quriladi.

Yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida avtobus va mikroavtobuslarning ishini GPS-trekerlar orqali masofadan onlayn rejimida kuzatish joriy etiladi.

Hujjatda yana bir og‘riqli muammo — yo‘l haqini naqd pulsiz to‘lash muammosini ham hal etish ko‘zda tutilgan. Davlat rahbarining qaroriga ko‘ra, 2018-yilning 1-iyul sanasiga qadar Nukus shahri va viloyatlar markazlarida shahar yo‘lovchilar transportida yo‘l haqini plastik kartochkasida naqd pulsiz to‘lash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

Sam Autoning SAZ LE60 avtobusi - Sputnik O‘zbekiston
Samarqandda yo‘lovchi avtobuslariga to‘lov terminali o‘rnatildi

Dasturni moliyalashtirishga kelgusi besh yil davomida 840 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu asosan "O‘zavtosanoat-lizing" va boshqa lizing kompaniyalarining mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari, xususiy investorlarning o‘z mablag‘lari, shuningdek, mahalliy budjetlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.

Dasturning samarali amalga oshirilishi maqsadida davlat rahbari bir qator imtiyoz va chegirmalarni joriy etdi. Xususan, lizing kompaniyalari va tashuvchilarning o‘zlari yangi sotib oladigan mikroavtobuslar uchun Respublika yo‘l jamg‘armasiga to‘lanadigan yig‘im to‘lovidan ozod qilinadilar.

Shuningdek, chetdan keltiriladigan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, avtobuslar va mikroavtobuslarning ishini onlayn rejimida muntazam tarzda masofadan kuzatib borishni, yo‘lkirani naqd pulsiz to‘lash tizimini joriy etish uchun mo‘ljallangan barcha materiallar, asbob-uskunalar, detallar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinishi ham nazarda tutilgan.

Taksi bayram kunlari nogironlar va homilador ayollarni bepul tashimoqda - Sputnik O‘zbekiston
Urganch shahrida taksi homilador ayollarga bepul xizmat ko‘rsatmoqda

Bundan tashqari, yuridik shaxslar shahar atrofidagi va viloyatlar ichidagi shaharlararo yo‘nalishlarda (qishloq joylarda) avtobuslarda yo‘lovchilar tashish hajmi bo‘yicha yagona soliq to‘lovidan ozod qilinadi.

Dastur bajarilishini nazorat qilish uchun maxsus ishchi guruh tashkil etiladi. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Achilboy Ramatov zimmasiga yuklandi.

Yangiliklar lentasi
0