TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. Viloyatlarda prokurorlarning ishiga qarab oylik reytingi tuzib boriladi, deb xabar qilmoqda "Jahon" AA.
Ilgariroq, 8-yanvar O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni etib belgilanganligi haqida xabar qilgan edik. Bu prokuratura organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 7-yanvarda Prokuratura organlari xodimlari kuni oldidan bir guruh soha xodimlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, hukumat a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, prokuratura organlari mas’ul xodimlari va faxriylari ishtirok etgan.
"Prokuratura organlari xodimlarining ishi katta mas’uliyat, fidoyilik, halollikni talab qiladi. Qabul qilinayotgan har bir qaror zamirida inson taqdiri turadi. Shunday ekan, yetti o‘lchab bir kesish bu borada asosiy mezon bo‘lmog‘i shart", — deb ta’kidlagan Mirziyoyev so‘zlagan nutqi davomida.
Prezident shuningdek, qonunchilik bazasini har tomonlama mustahkamlash va qonunlarni so‘zsiz ijro etish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, demokratik huquqiy davlatni rivojlantirish, xususiy mulk va tadbirkorlik taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash hamda uning ishonchli himoya qilinishini ta’minlashda prokuratura organlarining roli kattaligini ta’kidlab o‘tdi.
Mirziyoyev tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishida prokuratura organlarining roli haqida gapirar ekan, "Tadbirkor boy bo‘lsa, davlat boy bo‘ladi. Buning uchun ishbilarmonlarga keng sharoit yaratib berishimiz lozim. Prokuror tadbirkorga ko‘makchi bo‘lishi, u bilan hamkorlikda ishlashi darkor. Prokuratura organlari kundalik hayotimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, yuridik va jismoniy shaxslarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi zarur", — deya ta’kidladi.
"Hozirgi kunda Oliy Majlis Senati tomonidan har yili Bosh prokurorning hisoboti eshitiladi. Bu albatta muhim, lekin joylardagi prokurorlarning hisobotini kim eshitadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — 2017-yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, viloyatlarda prokurorlarning ishiga qarab oylik reytingi tuzib boriladi. Ularning faoliyatiga reyting natijalari asosida baho beriladi".
O‘zbekiston prezidenti "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da mazkur soha xodimlari ham g‘oyat mas’uliyatli vazifalarni bajarishlari lozimligi hamda bironta ham murojaat e’tibordan chetda qolmasligi kerak, deya eslatib o‘tdi.
Uchrashuvda qatnashganlar Mirziyoyev tomonidan bildirilgan tanqidiy fikrlardan tegishli xulosa chiqarib, inson manfaatlarini to‘la ta’minlash uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilishini ta’kidladilar, — deb yozgan nashr.