Mirziyoyev: Sog‘liqni saqlash tizimini mutlaqo o‘zgartirish - davr talabi

© flickr.comVrach
Vrach - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev tibbiyot sohasida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar haqida atroflicha to‘xtaldi

TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasining bir guruh yetakchi mutaxassislari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Videokonferensiya shaklida o‘tgan uchrashuvda hukumat a’zolari, senatorlar, viloyat hokimlari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rektorlari, sog‘liqni saqlash tizimi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

"Sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir", — dedi prezident so‘zi avvalida.

Hamshira ishi - Sputnik O‘zbekiston
Tibbiyot sohasi xodimlari maoshi oshirildi

"Bugun zamon o‘zgarmoqda, odamlarning talabi oshib bormoqda. Xalqimizning tibbiy madaniyati yuksalib, eng so‘nggi usul va rusumlarda tibbiy xizmat ko‘rsatilishini istaydi. Bizga shu ham bo‘laveradi, degan tushuncha endi o‘z umrini o‘tab bo‘ldi. Bu barcha sohalar qatori tibbiyot sohasiga ham bevosita daxldor. Shu bois soha xodimlari tibbiyotning eng ilg‘or, zamonaviy yutuqlarini, davolash usullarini o‘zlashtirmog‘i zarur. Erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib o‘tirish taraqqiyot yo‘lidagi eng katta g‘ovdir", deya so‘zida davom etdi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi uchrashuvlarida xalqning ichiga kirib, ularning dardi, muammolari, takliflarini eshitish lozimligini alohida qayd etgandi.

Bosh vazirning virtual qabulxonasiga kelgan murojaatlarning 7 mingdan ziyodi aynan tibbiyot sohasiga tegishli ekani ham mazkur sohada muayan muammolar yig‘ilib qolganligini ko‘rsatmoqda. Aholining murojaatlari, fikr-mulohazalari va takliflari sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo etmoqda.

Shundan so‘ng u tibbiyot sohasida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar haqida atroflicha to‘xtaldi.

"Bugungi kunda QVPlar birlamchi tibbiy ko‘rikni o‘tkazish uchun laboratoriya tahlili vositalari, qator diagnostika apparatlari bilan jihozlangani aholi uchun qulaylik yaratmoqda. Lekin tibbiy uskunalarni ishlatadigan malakali mutaxassislar yetarli darajada emas. Ba’zi chekka hududlarda oddiy qon topshirish uchun tuman markaziga yoki shaharga borishga to‘g‘ri kelayotganini ham inkor eta olmaymiz.Ayrim joylarda tibbiy ko‘riklar nomigagina o‘tkazilmoqda. Chekka hududlarda malakali mutaxassislar yetishmayotgani kadrlar masalasida qilinadigan ishlar ko‘pligini anglatadi", deb fikrini davom ettirdi prezident.

Prezidentning fikriga ko‘ra, "aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yuksaltirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar ko‘rildi. Lekin bugun xalq bu xizmat sifatidan rozi, deya olmaymiz. Tizimni mutlaqo o‘zgartirish — davr talabi".

Shifoxona - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda tuman shifoxonalarini moliyalashtirishning yangicha tizimi joriy etiladi

"Ayollarimiz iboli, hayoli. Ba’zi masalalarda shifokorga borib dardini bemalol aytavermaydi. Shu bois xotin-qizlar uchun alohida poliklinika tashkil qilishimiz kerak, — dedi davlat rahbari. — Toki ular borib o‘zini qiynayotgan masalada bemalol fikrlashsin. Chunki ertangi kunimizning davomchilarini sog‘lom dunyoga keltirish ko‘p jihatdan ayollarimizning salomatligiga bog‘liq".

Mirziyoyev ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatida ham yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini ta’kidladi.

"Mavjud markazlarning hammasi Toshkent shahrida joylashgan. Bu, ayniqsa, qishloq aholisiga muayan noqulayliklar tug‘dirayotir. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari mutaxassislari joylarga chiqib aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmog‘i, jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazmog‘i lozim», dedi prezident.

Tadbirda mamlakat sog‘liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish, yosh mutaxassislarni tarbiyalash jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish, dunyoning yetakchi tibbiyot markazlari va o‘quv muassasalari, taniqli olimlar va mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Yangiliklar lentasi
0