TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. Termizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab "Askar onalarini sharaflaymiz!" deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda "Jahon" AA.
Viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Qobulova va boshqalar O‘zbekistonda barpo etilgan professional milliy armiya saflarida xizmat qilish, yurt tinchligi, xalq osoyishtaligini ta’minlashga hissa qo‘shish har bir yigit uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki yuksak shon-sharaf ishiga aylanganini alohida ta’kidladi.
"O‘g‘lim Abrorjonning muddatli harbiy xizmatni a’lo darajada o‘tayotganidan faxrlanaman, – deydi Boysun tumanidagi Mustaqillik mahallasida istiqomat qiluvchi Mavluda Omonova. – Bayram arafasida askar onalariga ko‘rsatilgan bunday yuksak ehtirom haqida mahalladoshlarimga g‘urur bilan so‘zlab beraman. Bularning barchasi uchun Prezidentimizdan minnatdormiz".
Tadbirda harbiy qismlarda muddatli xizmatni o‘tayotgan askarlar uchun yaratilgan sharoitlar aks etgan videolavha namoyish etildi. Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuqori natijalarga erishayotgan bir guruh askar onalariga harbiy qismlarning tashakkurnomalari topshirildi.
"Bayram arafasida o‘g‘lim Elorjon bilan uchrashish xayolimga kelmagan edi, – deydi Termiz shahrining Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi Muhayyo Abrayeva. – Davraga bir quchoq gul bilan askar o‘g‘lim kirib kelgani men uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Ona uchun ulug‘ ayyomlar arafasida farzandi bilan diydorlashish qanday baxt ekanini faqat onalar biladi. Bunday imkoniyatni yaratib bergan tadbir tashkilotchilariga barcha onalar nomidan rahmat aytaman".
Tadbirda O‘zbekiston tinchligi, mamlakat sarhadlari daxlsizligi yo‘lida jasorat ko‘rsatgan harbiylar va ayni paytda muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan askar onalari sharaflandi, ularga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.