Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga taklif qilindi

Obuna bo‘lish
Prezident vazifasini bajaruvchi Xvan Gyo An O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Koreya Respublikasiga rasmiy tashrif buyurishga taklif qildi

TOShKENT, 5 yanv – Sputnik. 5 yanvar kuni Janubiy Koreya tomonining tashabbusi bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Koreya Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Xvan Gyo An o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda bildirilishicha, Xvan Gyo An Shavkat Mirziyoyevni 2016-yilning dekabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovida munosib g‘alaba qozongani munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.

Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston bilan Koreya o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 25-yilligi bilan bir-birlarini qizg‘in tabrikladilar.

Janubiy Koreya respublikasi milliy bayrog‘i - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan hamkorlikni muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev va Xvan Gyo An ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro ishonch, ochiqlik va hamfikrlik qaror topganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlashdi. Bu siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Suhbatda Surg‘il koni negizidagi Usturt gaz-kimyo majmuini barpo qilish bo‘yicha ulkan loyiha ijro etilgani alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Ushbu majmua qurilishi 2016-yilning may oyida Shavkat Mirziyoyev va Xvan Gyo An ishtirokida rasman yakuniga yetkazildi. O‘zbekiston rahbari Koreya Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Xvan Gyo Anning ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik dasturini amalga oshirishga qo‘shgan hissasini yuksak baholadi.

O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarining istiqbollari atroflicha muhokama qilinar ekan, o‘zaro foydali bo‘lgan barcha sohalarda yuqori texnologiyali qo‘shma loyihalar sonini oshirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Koreyaliklar O‘zbekiston pochtasini zamonaviylashtiradi

"Ma’lumki, 2017-yilda koreyslarning O‘zbekistonda istiqomat qila boshlaganiga 80-yil to‘ladi. Bu sana arafasida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashda koreys millatiga mansub hamurtlarimiz alohida o‘rin tutishini qayd etib, Toshkentda Koreya madaniyati va san’ati uyi qurilishini imkon qadar jadallik bilan oxiriga yetkazish zarurligini ta’kidlashdi. Mamlakat siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida O‘zbekistonning koreys millatiga mansub fuqarolari faol ishtirok etayotgani alohida qayd etildi", deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev Yangi yilda Xvan Gyo Anga va Koreya Respublikasi xalqiga farovonlik va taraqqiyot tilaklarini bildirdi.

O‘z navbatida Xvan Gyo An Shavkat Mirziyoyevga davlat faoliyatida ulkan omad va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va yanada yuksalish tilaklarini izhor etdi.

Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan suhbat davomida prezident vazifasini bajaruvchi Xvan Gyo An O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Koreya Respublikasiga rasmiy tashrif buyurishga taklif qildi. 

Yangiliklar lentasi
0