TOShKENT, 31 dek — Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev 2016-yil 24-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida o‘ziga va Qirg‘iziston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun chin qalbdan minnatdorchilik izhor etdi, deb xabar qilingan O‘zbekiston prezidenti rasmiy saytida.
"Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganining yubiley sanasi kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarimiz va ochiq fikr almashganimizni mamnuniyat bilan eslayman. Ishonchim komilki, o‘zaro hamkorligimizni yanada rivojlantirishning yo‘nalishlarini belgilab olib bu borada to‘liq anglashuvga erishdik. Bu xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yuqorida tilga olingan shartnomaga yangi hayot bag‘ishlaydi", — deyiladi Atambayev yuborgan maktubda.
"Mamlakatlarimizning tegishli davlat idoralari oldida ushbu kelishuvlarni qisqa muddatda amalga oshirish borasida katta va mas’uliyatli vazifalar turibdi. Bu ishlar muvaffaqiyatli bajarilishiga ishonaman", — deb yozgan Atambayev.
"Sizni yana bir bor ishontirib aytamanki, Qirg‘iziston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi bilan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan munosabatlarni yanada mustahkamlash yo‘lida sobit turadi", — deb qo‘shimcha qilgan u.
Fursatdan foydalanib Atambayev butun O‘zbekiston xalqini yangi 2017-yil bilan samimiy tabriklagan.
"Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik, davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizga kuch-quvvat, muvaffaqiyatlar O‘zbekiston xalqiga Sizning Prezident etib saylanganingiz bilan bog‘liq barcha ezgu maqsadlari ro‘yobga chiqishini, taraqqiyot va farovonlik tilayman", — deb qayd etgan Atambayev.
U, shuningdek, Mirziyoyevni Yangi yilda o‘ziga qulay vaqtda Qirg‘izistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etgan.