TOShKENT, 24 dek — Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev ishchi safar bilan Samarqandga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston prezidenti rasmiy saytida berilgan xabarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev Hazrati Xizr majmuiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi va uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Islom Karimov ruhi pokiga Qur’on tilovat qilindi.
Xo‘sh, ikki davlat rahbari nimalarga kelishib oldilar?
Atambayev "Man" mahsulotlarini yuqori baholadi
Xabarda ta’kidlanishicha, prezidentlar "JV MAN Auto-Uzbekistan" O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasiga tashrif buyurgan.
Oliy martabali mehmon qo‘shma korxonaning ishlab chiqarish salohiyati va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston jahonda avtomobil ishlab chiqaruvchi yetakchi davlatlar qatoriga qo‘shildi. Bugun O‘zbekiston avtosanoati mahsulotlariga ko‘pgina mamlakatlarda, jumladan, Qirg‘izistonda ham talab yuqori.
Zavodda 15 tonnadan 50 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega zamonaviy yuk mashinalari, jumladan, avtokranlar, izometrik furgonlar, suv tashish mashinalari, kombinatsiyalangan yo‘l mashinalari, kanal tozalash mashinalari, beton qorigich, paxta va chiqindi tashish mashinalari ishlab chiqarilmoqda.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti zamonaviy standartlarga muvofiq eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan va O‘zbekiston avtomobil sanoatining muvaffaqiyatini namoyon etadigan ushbu korxona faoliyatini yuqori baholadi.
Ikki prezidentning yuzma-yuz muloqoti
Xabarda aytilishicha, Forumlar majmuasi saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tgan.
Shavkat Mirziyoyev Almazbek Atamboyevga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya bildirgani uchun minnatdorlik izhor etgan.
"Almazbek Atamboyevning tashrifi Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan munosabatlarni kengaytirishga muhim ahamiyat berayotganidan dalolat ekani qayd etildi", — deyiladi xabarda.
Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan yana bir bor tabriklagan.
Prezidentlar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama etib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik qator muammolar yuzasidan fikr almashdilar.
Terror mavzusi ham chetda qolmadi
Ta’kidlanishicha, tomonlar ekstremizm va diniy aqidaparastlik mintaqa barqarorligiga xavf solayotganiga e’tibor qaratgan.
Bunday xavf-xatarlarga qarshi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etilgan.
Davlat rahbarlari yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish zarurligini qayd etganlar.
Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida 2016-2017-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi yangi shakldagi siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishiga ishonch bildirganlar.
O‘zaro savdo masalalari muhokama qilindi
"Savdo masalalari muhokamasida 2016-yilning o‘tgan davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 23% o‘sganiga qaramasdan, bu ko‘rsatkich yetarli darajada emasligi va ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlariga mos kelmasligi qayd etildi", — deyiladi xabarda.
Shavkat Mirziyoyev buning uchun Qirg‘izistonga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari, yengil va yuk avtomobillari, avtobuslarni tizimli asosda yetkazib berish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, qirg‘izistonlik sheriklarga azot, fosfor, kaliy va murakkab kompleks o‘g‘itlar, elektrotexnika mahsulotlari – transformatorlar, barcha turdagi kabel-o‘tkazgich mahsulotlar, maishiy texnika, shuningdek, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, preparatlar, mebel, o‘quv-laboratoriya jihozlari va boshqa sanoat mahsulotlari yetkazib berish taklif etilgan.
Qirg‘iziston tomoni, o‘z navbatida, O‘zbekistonga yetkazib berilayotgan tovarlar turini qayta ko‘rib chiqishi ta’kidlangan.
Qisqa temir yo‘l barpo etish masalasi ko‘rib chiqildi
Mintaqada samarali transport yo‘llarini rivojlantirish iqtisodiy hamkorlikning strategik yo‘nalishi hisoblanadi.
Masalan, Markaziy Osiyoni Qirg‘iziston hududi orqali Xitoy bilan bog‘laydigan qisqa temir yo‘l nafaqat mamlakatlar, balki butun mintaqaning tranzit salohiyatini sezilarli ravishda oshirish imkonini beradi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mutaxassislari Qirg‘iziston hududida bunday yo‘nalishni loyihalashtirish va qurishda ishtirok etishiga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi sahifalarini ochishiga ishonch bildirdilar.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyevning O‘zbekiston Respublikasiga amaliy tashrifi davom etmoqda.