TOShKENT, 30 dek — Sputnik. O‘zbekistonda qariyalarning tibbiy-ijtimoiy holatini tubdan yaxshilashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirish uchun 688,2 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Dasturni moliyalashtirish uchun xalqaro moliyaviy tuzilmalarning 108,7 million AQSh dollari hajmidagi kredit va grant mablag‘larini jalb etish ko‘zda tutilgan, qolgan qismi esa davlat budjeti hamda respublikadagi tijorat banklarining homiylik va kredit mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi. Mazkur dasturning amalga oshirilishi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev shu haftada imzolagan hujjatlarda o‘z aksini topgan.
Xususan, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida keksalar, nogironlar hamda urush va mehnat faxriylari uchun 3 ta yangi sanatoriy qurish va ularni jihozlash rejalashtirilgan. Bu qo‘shimcha 50 mingdan ziyod pensioner va nogironlarning sanatoriya muassasalarida bepul sog‘lomlashtirilishini tashkillashtirish imkonini beradi. Ushbu maqsadni amalga oshirish ishlariga davlat budjeti hisobidan 13,5 milliard so‘m ajratiladi.
Bundan tashqari urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz pensionerlar va nogironlar salomatligini yaxshilash uchun 18 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘ har yil bu kontingentga kirgan 34 ming odamni sanatoriya-davolash muassasalarida bepul sog‘lomlashtirish yo‘li bilan salomatliklarini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Shu bilan birgalikda kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash va davolash uchun 2,8 million keksa yoshdagi fuqarolarning barchasi ixtisoslashtirilgan tibbiy brigadalar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta’minlanadi. Shuningdek, biriktirilgan patronaj hamshiralari tomonidan salomatliklari ustidan doimiy nazorat orqali keksa yoshdagi fuqarolar orasida kasalliklar profilaktikasi choralarini kengaytirish, 15,5 ming yolg‘iz keksalarning turmush sifatini va turmush darajasini ularga shaxsiy ijtimoiy xodimlarni biriktirish orqali oshirish rejalashtirilgan.
Keksa yoshdagi shaxslarni ularga to‘lovsiz asosda davolash va sog‘lomlashtirish uchun respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga 20 ming va viloyatlardagi tibbiyot muassasalariga 215 mingdan ziyod, jami 178,9 milliard so‘m miqdoridagi orderlar ajratish ko‘zda tutilgan.
Imkoniyati cheklangan shaxslarning turmush sifati ham oshiriladi. Har yil bu kontingentga kirgan 10 ming odamni jami 2,5 milliard so‘m miqdoridagi zarur protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari o‘zgalar parvarishiga muhtoj 4 ming nafar yolg‘iz keksalar va nogironlar har yil umumiy miqdori 3,2 milliard so‘m bo‘lgan asosiy oziq-ovqatlar, gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi. O‘z navbatida, 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilariga sanatoriylarda har yili sog‘lomlashtirish kursidan o‘tish o‘rniga yo‘llanmaning o‘rtacha narxiga teng ravishda kompensatsiya olish huquqi beriladi.
Hujjatda yolg‘iz va kam ta’minlangan keksa fuqarolarni umumiy miqdori 6,4 milliard so‘m hajmidagi qishki kiyim komplekti va poyabzal, shuningdek qishga g‘amlash uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan har yili ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Andijon, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ochiq yurakda jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazish uchun umumiy summasi 9,7 milliard so‘m bo‘lgan hududlararo kardioxirurgik markazlar yaratilishi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi. Tuman (shahar)lardagi barcha tibbiyot birlashmalari va muassasalari, shuningdek barcha viloyatlardagi onkologiya dispanserlari umumiy miqdori 108,7 million AQSh dollariga teng bo‘lgan tegishli zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanadi.
Keksalar va nogironlarning 23 ta Saxovat va Muruvvat uy-internatlari moddiy-texnika bazasini umumiy miqdori 207 milliard so‘mga teng hajmda mustahkamlash ham yuqoridagi chora-tadbirlar majmuasiga kiradi.
Ekspertlarning fikricha, hukumat tomonidan mazkur choralarning amalga oshirilishikeksa yoshdagi odamlar, imkoniyati cheklangan shaxslar va yolg‘iz keksalarning turmush sharoitlari va sifatini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish va ularga ko‘rsatiladigan yordam turlarini kengaytirishga yordam beradi.