TOShKENT, 30 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning har bir shahar va tumanida faxriylar uchun maxsus "Nuroniylar maskani" majmualarini qurish vazifasini topshirdi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Davlat rahbari tomonidan har bir tuman va shaharlardagi madaniyat va dam olish istirohat bog‘lari hududida shunday majmualar qurish uchun hokimliklarga 2017-yil 1-sentabrgacha muhlat berildi. Majmualar uchun barcha zarur bino va infrastruktura ajratiladi yoki qurib bitkaziladi. Bundan tashqari, keksalar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida majmualar qoshida "Nuroniy" jamg‘armasining bo‘limlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Yangi majmualarni loyihalashda boy kitob fondiga ega bo‘lgan kitobxonlar zallari, shaxmat, shashka o‘ynash uchun dam olish xonalari, keksalar uchun maxsus trenajorlar bilan jihozlangan davolash-jismoniy tarbiya zallari, oshxona va tibbiy xona joylashishi, ularni zarur mebel, kompyuter texnikasi va aloqa vositalari bilan jihozlash hisobga olinadi.
Shu bilan birga majmualar barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli fondlariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda hozirgi kunda yoshi 60dan yuqori bo‘lgan 2,8 million, yoshi 80dan oshgan 225 ming, yoshi 90dan yuqori 40 mingdan ortiq va yuz yoshdan oshgan 8,7 ming kishi istiqomat qiladi. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 1990-yilda 67 yosh bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 73,5 yoshga yetgan.