TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Tojikiston prezidenti o‘z nutqi avvalida mamlakat rivojlanishning yangi bosqichiga chiqayotganini ta’kidlab o‘tgan.
Tojikiston rahbari 1997-yildan keyin hukumat tomonidan qabul qilingan ilk dastur mamlakat iqtisodiyotini tiklashga yo‘naltirilganini eslatib o‘tdi, deb yozadi Sputnik Tojikiston.
"Bizning hatti-harakatlarimiz uchta maqsadga erishishga yo‘naltirilgan: biz eng avvalo energetika sohasida mustaqil bo‘lmog‘imiz, transport qamalidan chiqishimiz va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashimiz darkor", — deya bayonot qilgan Rahmon. Tojikiston prezidenti 2030-yilgacha mamlakat milliy taraqqiyot dasturida shular keltirilib o‘tganini qo‘shimcha qilgan.
Energetika sohasida mustaqillik
Tojikiston uch yildan keyin energetika sohasida mustaqillikka erishadi, deb bayonot qilgan mamlakat prezidenti.
Joriy yilning 29-oktabr kuni Tojikiston Vaxsh darosi o‘zanini to‘sib, Rog‘un GESi qurilishini boshlab yubordi. Dambaning ilk agregati 2018-yil oxiriga kelib ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu tadbirda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon shaxsan ishtirok etgan: "Millat yetakchisi Emomali Rahmon shaxsan buldozer ruli qarshisiga o‘tirgan va ertalab 10.00dan 11.30ga qadar, ya’ni bir yarim soat davomida Vaxsh darosi o‘zaniga tosh to‘kkan".
Tashqi siyosat
Tojikiston prezidenti parlamentga yo‘llagan maktubida mamlakat tashqi siyosat bobida "ochiq eshiklar" tamoyiliga sodiq qolishini ma’lum qilgan.
"Aynan shu siyosat tufayli respublika bugungi kunda dunyoda o‘zining munosib o‘rnini egallab turibdi", — deya izoh bergan Emomali.
Rahmon Tojikiston tashqi siyosatidagi asosiy maqsadlar o‘zgarishsiz qolishini aytgan va bu siyosat eng avvalo Tojikiston milliy manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini qo‘shimcha qilgan.
"Tojikiston dunyodagi barcha davlatlar bilan teng, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli munosabat qurish tarafdori", — deb aytgan u.