TOShKENT, 30 sen — Sputnik. Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmon navbatdagi hukumat yig‘ilishini o‘tkazdi, deb xabar bergan Tojikiston hukumati matbuot-xizmati. Sputnik Tojikiston xabari asosida.
Emomali Rahmon o‘z chiqishi davomida keyingi 15-yil davomida xalq uchun munosib hayot tarzini yaratish rejalari haqida gapirgan. Emomaliga ko‘ra, respublikada keyingi 15-yil ichida inson salohiyatini rivojlantirish, iqtisodiy sektorda raqobatbardoshlikni kuchaytirish, Tojikistonni agrar mamlakatdan industrial-agrar davlatga aylantirish, shuningdek, mamlakat energetika quvvatini 3 karra oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2030-yilga qadar aholi savodxonligi va umr davomiyligini oshirish, onalar va chaqaloqlar o‘limini kamaytirish, hayot tarzini yaxshilash hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.
Tojikiston prezidenti mamlakat uchun uch asosiy strategik yo‘nalish belgilab olinganini ma’lum qilgan — bular Tojikistonni kommunikatsiya qamalidan chiqarish, energiya mustaqilligiga erishish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash.