TOShKENT, 22 dek — Sputnik. O‘zbekiston iqtisodiyot vazirligi iqtisodiyotning ayrim sohalaridagi kichik korxonalar o‘rtacha yillik xodimlari sonini oshirishni ko‘zda tutuvchi hujjat loyihasini ishlab chiqdi, deb xabar bermoqda nuz.uz.
Hujjatda sun’iy tolalar, elektr qismlari, kompyuter va periferiya, kommunikatsiya, maishiy elektr uskunalari hamda maishiy elektr va maishiy noelektr buyumlarini ishlab chiqaruvchi kichik korxonalar sonini ikki baravarga ko‘paytirish taklif etiladi.
Iqtisodiyot vazirligi podshipniklar, shesterenkalar, yuk ko‘tarish transport qurilmalari, sanoat muzlatgichi va ventilyatsiya qurilmalari, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi texnikasi, metallurgiya uchun mashina va qurilmalar hamda motorli transport vositalari ishlab chiqarish sohasidagi kichik korxonalar xodimlari sonini oshirishni taklif etdi.
Shuningdek, o‘zgarishlar turar va noturar joylar, yo‘l va shosselar, temir yo‘l va metro liniyalari, ko‘prik va tunnel qurish sohasidagi kichik va xususiy korxonalarga ham taalluqli bo‘ladi.
Iqtisodiyotning sermehnat toifasiga kiruvchi sohalaridagi kichik korxonalarning cheklangan xodimlari sonini 200 kishigacha oshirish taklif qilingan (ilgari 50-100).
Omborxona va saqlash, pochta va kuryerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mikrofirmalar xodimlari sonini ikki baravarga – 20 kishigacha, kichik korxonalar – 50 kishigacha oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Hujjatga muvofiq, umumiy va maxsus vrachlik amaliyoti sohasidagi shifoxona muassasalari ham o‘rtacha yillik xodimlar sonini oshirishlari mumkin bo‘ladi. Mikrofirmalarda ishlovchilar soni 25 kishini, kichik korxonalarda 100 kishini tashkil etadi (ilgari mos ravishda 10 va 20 kishi).
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2017-yilning 1-yanvaridan Yevropa ittifoqi statistik tasniflashi asosida (KDEC/NACE) ishlab chiqilgan iqtisodiy faoliyat turlarini xalqaro tasniflash tizimi joriy etiladi.
2017 yil 1-yanvardan mamlakat tasniflash tizimidan davlat boshqaruvi organlarining o‘zaro munosabatlarida, statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarda foydalaniladi.