Yelena Shestopal: IDga hayotda maqsadi yo‘q insonlar qo‘shiladi

Obuna bo‘lish
Keyingi ikki hafta ichida MDHning qator davlatlari maxsus xizmatlari "Islom davlati" tarafdorlarini va Moskvada terakt tayyorlayotgan jangarilarni qo‘lga olishdi

TOShKENT, 19 dek — Sputnik, Anton Kurilkin. Sputnik O‘zbekiston muxbiri M.V.Lomonosov nomidagi MDU siyosatshunoslik fakulteti sotsiologiya va siyosat psixologiyasi kafedrasi mudiri, professor Yelena Shestopal bilan kishilarni IShIDga qo‘shilishga nimalar sababchi bo‘layotgani haqida suhbatlashdi.

— Odamlar nima uchun IShIDga qo‘shilishga urinishadi?

— Radikal harakatlarga, ayniqsa, islomiy harakatlarga qo‘shilishga urinish yoshlarning oddiy hayotda yuksak darajaga ega bo‘lgan g‘oya va maqsadlarga ega bo‘lmasliklari bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, kishining biror harakat yoki tashkilotga, ayniqsa, "Islom davlati" singari kuchli, mafkuraviy bezatilgan tashkilotga qo‘shilish istagi nafaqat uning mafkuraviy mazmuni, balki kishining yolg‘izlik, ma’naviy bo‘shliq, yaqinlaridan ajralish qayg‘usi va shu kabi shaxsiy xususiyatlariga ham bog‘liq.

Qamoqdagi shaxs - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda ID da’vatchisi 8-yilga qamaldi

Ayrim yoshlarga esa aksincha, yorqin taassurotlar, o‘z hissasini qo‘shish uchun biror yirik ish, loyiha yetishmaydi. Radikal islomiy harakatlar diniy tusga ega bo‘lib, e’tiqod kuchli omildir. Shuning uchun ularga qo‘shilishning asosiy sabablaridan biri – yoshlar o‘zlarini qurshab turgan muhitda ularning mavjudligiga ma’no bag‘ishlovchi qadrli narsani topa olmasligi.

Odamlarni bunday tashkilotlarga jalb etish ham shaxsiyatga bosim o‘tkazish texnika va texnologiyasi bilan aloqador. Shuning uchun odamlar nega bunday radikal harakatlarga qo‘shiladi degan savolga aniq javob yo‘q.

Varya Karaulova – yaxshi oilaning qizi, falsafa fakulteti talabasi – bunga yorqin misol. Unga nima yetishmasdi? Ma’lumotlarga qaraganda, Karaulova bilan bog‘liq holatda qizning da’vatchiga ruhan bog‘lanib qolgani ko‘rinadi. 

— Hayotda o‘z o‘rnini topa olmaslik, moliyaviy muammolar ham sabab bo‘lishi mumkinmi? 

— Ijtimoiy sabablar – asosiy harakatlantiruvchi omil emas. Jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lmaslik — sabablardan biri, lekin asosiy sabab emas. 

Ha, sobiq ittifoq respublikalarida moliyaviy muammolarini shunday tashkilotlarga qo‘shilish orqali hal etishga urinayotganlar topiladi. Lekin qo‘shilganlarning aksariyat qismi hayotdan ma’no izlaganlardir. Buni yevropalik "ko‘ngillilar" misolida ko‘rish mumkin. Da’vatchilarning qarmog‘iga ko‘pincha moddiy ahvoli yaxshi kishilar tushishadi.

Esga olaylik, bizning tariximizda inqilobga nafaqat "ezilgan va xo‘rlanganlar", balki moddiy jihatdan o‘ziga to‘q oilalardan ham kishilar qo‘shilishgan. Ular hayotlarini yorqin va taassurotli qiluvchi global g‘oya, jiddiy maqsadlar yetmaganligi uchun shu yo‘lni tanlashgan. 

— Ya’ni yoshlarga hozirgi kun zerikarli bo‘lib bormoqdami?

— Ha. Lekin bu shunchaki zerikish emas, bu yirik g‘oya, o‘zini fido etish g‘oyasining yo‘qligidir. 

Ular o‘lishlari va bor narsasidan ayrilishlari mumkinligini anglagan holda qo‘shilishmoqda. Lekin ular buning evaziga diniy da’vatlar orqali va ulkan ijtimoiy g‘oya ko‘rinishida o‘zlarining mavjudliklarini oqlashga urinishadi.

Hibsga olish jarayoni - Sputnik O‘zbekiston
Sakkiz nafar o‘zbekistonlik "ID"ga aloqadorligi uchun qo‘lga olindi

Hayotda mavjudlik mazmunining yo‘qolishi – bu global muammo. Zamonaviy psixoanaliz zamonaviy jamiyatga allaqachon tashxis qo‘yib bo‘lgan: aynan hayot mazmunining yo‘qolishi insoniyatning eng katta kulfati va aksariyat asabiyliklarning manbaidir. Bu falsafiy mavzu bo‘lib, uni o‘lchash qiyin bo‘lsada, u yoshlar uchun judayam ahamiyatlidir. Oila, farzandlar, ishga ega bo‘lgandan keyin bunday savollar ortga suriladi. Lekin yoshlar uchun hayotda mavjudlik masalasi birinchi o‘rinda turadi.

Bugungi yoshlarimizning katta qismi iste’mol buyumlariga ishqiboz. Lekin ko‘pchilik uchun bunday buyumlarning o‘zigina yetarli emas.

Zerikish — o‘ta sodda izoh. Inson nima uchun yashayotganini anglashi lozim. Davlat unga yirik loyihalar bermasa, u holda g‘oyani insonning o‘zi topadi va barcha qarshiliklarga qaramasdan hayotini unga bag‘ishlaydi.

Qarang, aslida IShIDning mafkurasi omonat. Lekin ular o‘zlarini adolat uchun kurashuvchilardek ko‘rsatishmoqda va bu davlat, oila yoki do‘stlar to‘ldira olmayotgan bo‘shliqni to‘ldirmoqda.

— Demak, bunday harakatlar haqidagi ma’lumotlarni taqiqlash emas, bu ma’lumotlarni yangiliklar makonidan siqib chiqarish muhimroq ekanda? 

— Hozirda bu ma’lumotlarni taqiqlashning imkoni yo‘q. Yoshlar internetdan faol foydalanishadi va bunday ma’lumotlarni butkul to‘sish imkonsiz. 

Jamiyatda shaxsiy hayotdagi maqsadlardan ko‘ra yirik ijobiy maqsadlar bo‘lishi darkor. Ijtimoiy ahamiyatga ega muhim loyihalarda ishtirok etish ana shu bo‘shliqni to‘ldiradi. Bugungi kunda volonterlik haqida ko‘p gapiriladi — bu ham ana shunday "daxldorlik"ka misol bo‘ladi.

Lekin bu ekstremistlar va ularning tashkilotlariga qarshi kurashuvchi maxsus xizmatlarning faoliyatini to‘xtatmaydi. Terrorizmga qarshi kurash masalasini hech kim kun tartibidan olib tashlamaydi. Lekin muammoni faqatgina maxsus xizmatlar yordamida hal qilib bo‘lmaydi.

— Kishining diniy oqim ta’siriga tushib qolganini qanday bilish mumkin?

— Bu uning o‘zini tutishidan ma’lum bo‘ladi, ayniqsa qo‘rqitish emas, "zombilashtirish" orqali ta’sirga tushib qolganida. Bundaylar odamovi bo‘lib qolishadi, oilasi va do‘stlaridan o‘zlarini olib qochishadi.

Musulmon ayoli - Sputnik O‘zbekiston
ID jangarilari uchun “kelin” qidiradigan sayt yopildi

Umuman, o‘smir, yoshlarning xulqidagi har qanday o‘zgarish ularning yaqinlarini hushor torttirishi darkor. Xulqning o‘zgarishi kishining noma’qul guruhga qo‘shilib qolganidan darak berishi mumkin. Bu esa juda xavotirlidir.

Bir so‘z bilan aytganda, odamovilik, o‘z qobig‘iga o‘ralib olish, ko‘p o‘ylanish buning asosiy belgilaridir. Ba’zida g‘ayrioddiy gaplarni gapirib yuborishi ham mumkin.

Bundaylarga yordam qo‘lini cho‘zish uchun yot mafkuraga qo‘shilib qolganlar o‘zlarini qanday tutishlarini atrofdagilarga tushuntirish lozim.

Yangiliklar lentasi
0