YTH qurboni bo‘lgan 10 yashar qizaloq, Cobalt va Sparkni urgan Captiva

© nuz.uzPoytaxt ko‘chalari
Poytaxt ko‘chalari - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi "Toshkent" teleradiokanali orqali efirga uzatiladigan "Poytaxt yo‘llarida" ko‘rsatuvining 15-dekabrda namoyish etilgan sonida yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik oqibatida sodir etilgan og‘ir oqibatli yo‘l transport hodisalari haqida so‘z yuritildi

TOShKENT, 17 dek — Sputnik. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi "Toshkent" teleradiokanali orqali efirga uzatiladigan "Poytaxt yo‘llarida" ko‘rsatuvi yo‘llardagi harakat xavfsizligini ta’minlash, harakat ishtirokchilarining hayotini, salomatligini, mol-mulkini asrashga qaratilgan tadbirlarni faol yoritib keladi, deb yozadi mahalliy OAVlarga asoslangan holda "Darakchi" nashri.

Xabarda aytilishicha, ko‘rsatuvning 15-dekabrda namoyish etilgan sonida yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik oqibatida sodir etilgan og‘ir oqibatli yo‘l transport hodisalari haqida so‘z yuritilgan.

1-voqea

2016 yil 7-iyul soat 24:30 larda Mirobod tumani Shahrisabz ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan Epica rusumli avtomobil haydovchisi tezlikni belgilanganidan oshirgani uchun boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada og‘ir oqibatli yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, haydovchi mast bo‘lgan. Ustiga-ustak, 1993-yilda tug‘ilgan haydovchi hatto mashina boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasiga ham ega bo‘lmagan.

Toshkentda yuz bergan dahshatli avariya - Sputnik O‘zbekiston
TATU talabasi dahshatli YTH oqibatida halok bo‘ldi

Surishtiruv-tergov ishlaridan:

Diyor Ro‘ziyev, Toshkent shahar IIBB TB katta tergovchisi: "Avtomashinani necha tezlikda boshqarib kelayotgandingiz?" Haydovchi: "Bilmadim. 100 bo‘lsa kerak".

Alisher Abduqodirov, Toshkent shahar IIBB YHXB inspektori: "Toshkent shahrida yo‘l-transport hodisalarini keltirib chiqarayotgan omillar tahlil qilinganda, 75 %iga haydovchilarning tezlikni meyoridan oshirishi sabab bo‘lgan. Tezlik qanchalik yuqori bo‘lsa, yo‘l-transport hodisalari shunchalik og‘ir oqibat keltirib chiqaradi".

2-voqea

2016 yil 22-mart kuni Yunusobod tumani Bodomzor ko‘chasida ham og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, ichki ko‘chada katta tezlikda harakatlanib kelgan Captiva rusumli avtomashina yo‘l-transport hodisasi sodir etib, avval Cobalt, so‘ng Spark avtomashinasiga urildi.

Toshkentda YHT oqibatida marshrutka ag‘anab ketdi - Sputnik O‘zbekiston
Toshkentda YTH oqibatida marshrutka ag‘anab ketdi
Xayrulla Dadaqo‘ziyev, guvoh: "Haydovchi mashinani tashlab qochib ketdi. Katta tezlikda kelganiga to‘siqqa urilib, mashinani ko‘tarib yuborgan".

Dadamurod Muhammadaliyev, Toshkent shahar IIBB TB tergovchisi: "To‘qnashuv sababli boshqaruvini yo‘qotgan Captiva rusumli avtomobil yo‘l chetida ketayotgan piyodani urib yuborgan. Jabrlangan piyodaga yordam berish o‘rniga haydovchi voqea joyidan qochib ketgan. Olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida piyoda hayotdan ko‘z yumgan. Hali 40 yoshga yetmagan ayolning uch nafar norasida farzandi yetim qolgan".

3-voqea

2016 yilning 1-sentabrida Toshkent shahrining Shayxontohur tumani Nurafshon ko‘chasida ham tezlik meyorlariga amal qilmaslik, spirtli ichimlik ichib avtomashina boshqarish oqibatida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Surishtiruv-tergov ishlaridan. Haydovchi: "Malibu yo‘l bermaganiga tezlikni oshirdim. Mashinani chetga oldi. Menga yo‘l berapti deb piyodalar yo‘lagiga kelib qolganimni sezmabman"

O‘tkirbek Chinaliyev, Toshkent shahar IIBB TB katta tergovchisi: "Jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilgan texnik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan joydagi tormoz izlariga ko‘ra, Matiz avtomashinasining harakatlanish tezligi soatiga 113 kilometr va undan ham yuqori bo‘lgan".

Afsuski, haydovchilik mas’uliyatini unutgan, aytish joiz bo‘lsa, insoniylik qiyofasini yo‘qotgan haydovchi mast holatda katta tezlikda harakatlanib kelib, piyodalar yo‘lkasidan yo‘lni kesib o‘tayotgan yosh qizaloqni urib yuborgan. Kuchli zarba natijasida 10 yashar qizaloq voqea joyida vafot etgan.

Umid Muhammedov, jabrlanuvchining otasi: "Hech kimning bolasi o‘lmasin. To‘g‘ri, mening yana farzandlarim bor. Lekin o‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa ekan. Bu qizim boshqacha edi".

Toshkent shahar IIBB TB ish yurituvida bo‘lgan tergov materiallari asosida tayyorlangan ko‘rsatuvning maqsadi kimnidir ayblash yoki sodir etgan qilmishini elga yoyish emas, balki bu mudhish holatlardan boshqa fuqarolarning tegishli xulosalarni chiqarib olishlariga imkon berishdir. Sir emaski, spirtli ichimlik ichib mast holatda avtomobil boshqaradigan yoki tezlik meyorlarini pisand qilmaydigan haydovchilar yo‘q emas. Ana shunday, kam bo‘lsa-da, hech qanday meyorlarga to‘g‘ri kelmaydigan qilg‘ilikni sodir etuvchilar bor ekan, yo‘llarimizni xavf-xatardan xoli deb aytolmaymiz.

"Poytaxt yo‘llarida" ana shunday hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi.

Yangiliklar lentasi
0