TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Toshkentning Yunusobod tumanida marshrutka ishtirokida yo‘l xarakati hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Toshkent shahridagi moliya instituti joylashgan tumanda №102 marshrutka bilan Lasetti yengil avtomobili to‘qnashib ketishgan. Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, marshrutka yo‘lovchilari yengil jarohatlar bilan qutulib qolishgan, faqat bir nafar ayol qo‘li singani uchun shifoxonaga olib ketilgan.
"Voditeli Tashkenta" guruhi foydalanuvchilari fikriga ko‘ra, avariya Lasetti avtomobili haydovchisi tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik oqibatida sodir bo‘lgan. U — qizil chiroq yonsa ham to‘xtamagan. Ijtimoiy tarmoqning ayrim foydalanuvchilari esa Amir Temur prospekti va Niyozbek ko‘chasi kesishmasida svetoforlar yaxshi ishlamasligini qo‘shimcha qilganlar. "Svetoforlar bir maromda ishlamasligi oqibatida burilmoqchi bo‘lgan avtomobil haydovchilari avariyaga uchramoqda", — deb yozgan foydalanuvchilarning biri.
Yo‘l xizmati xodimlari tez orada svetoforlar bilan bog‘liq muammoni bartaraf etishlariga umid qilamiz.